AOKA huzuridagi shtabda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi S.Oʻrinboyeva ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.
Joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar Oʻzbekistonga qaytarilgan.
Oʻzbekistonga qaytarilgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik daʼvosi boʻyicha Parij shahri sudining 2019 yil 29 iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marashal Manuri koʻchasidagi «Triplex» turar joy majmuasida joylashgan koʻchmas mulkni sotishdan kelib tushgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan Oʻzbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish boʻyicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga oʻtkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Jumladan, Fransiyadan qaytarilgan mablagʻlar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof maʼlumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan.