AOKA: Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatiga doir brifing

0
273
marta koʻrilgan.

 AOKA huzurida tashkil etilgan shtabda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida oʻtkazilgan brifing dolzarb mavzuga bagʻishlandi.

Savol: Mahallalarda kiyim-kechak savdosi bilan shugʻullanishga ruxsat berilibdi. Bu qanchalik asosga ega hamda hozirgi karantin davrida bunga zarurat bormi?

Javob: Savolingiz oʻrinli. Karantin cheklovlarining 2020 yilning 10 mayiga qadar uzaytirilganini hisobga olib, aholi uchun koʻplab qulayliklar yaratildi. Jumladan, nooziq-ovqat buyumlar (kiyim-kechak, xoʻjalik mollari, koʻchatlar, urugʻlar) savdosiga sayyor savdo nuqtalari orqali tashkil etishga ruxsat berildi.

 Bunda ijtimoiy masofa (2 metr) saqlanishi hamda boshqa sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi majburiy etib belgilangan.

 Ha, bu tartibni joriy qilishga ehtiyoj bor. Sababi bahor kelishi bilan aholining oʻz tomorqalaridan foydalanishi, unga turli ekinlar ekish zarurati tugʻiladi. Buning uchun albatta, mahsulot urugʻlari, yerga ishlov berish uchun xoʻjalik buyumlari kerak. Bugungi karantin davrida bu masalalarning eng oqilona yechimi sifatida hududlarda mazkur mahsulotlarning sayyor savdolarini tashkil etishni aytib oʻtish joizdir.

Savol: Toshkent shahrida yashayman. Karantin tufayli ijtimoiy himoyaga muhtoj  fuqarolarga naqd pul shaklida yordam bermoqchi edim. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi hisob-raqamiga pul oʻtkazsam boʻladimi?

Javob: Markazlarning asosiy vazifasi, homiy tashkilot yoki fuqarolarimiz tomonidan taqdim qilinayotgan oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlari hamda tibbiy buyumlarni qabul qilib, barcha sanitar-gigiyena talablariga rioya qilgan holda joylardagi aholining ehtiyojmand qatlamlariga yetkazib berishdan iborat.

Sizdan mazkur xayriya mablagʻingizni «Mehr-shafqat va salomatlik» Jamoat fondi hisob-raqamlariga oʻtkazishingizni soʻraymiz. Hozirda Fond mablagʻlari koronavirus kasalligi natijasida yuzaga kelgan mavjud muammolarni hal etish bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizni moddiy qoʻllab-quvvatlash uchun ham doimiy yoʻnaltirib borilmoqda.

 «Mehr-shafqat va salomatlik» Jamoat fondi hisob-raqamlari rasmiy sayti — mehrshafqat.uz hamda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida eʼlon qilingan.

Savol: Hozirda mahallamizda karantin qoidalarini buzgan fuqarolarga mahalla xodimlari va profilaktika inspektorlari tomonidan turli taʼsir choralari koʻrilyapti. Bu boʻyicha qanaqadir oylik oʻtkazilayotgan ekan. Shu rostmi?

Javob: Shu yilning 28 martidan boshlab «Oilalarda sogʻlom muhitni mustahkamlash» targʻibot oyligi oʻtkazilmoqda.

Ushbu oylik doirasida bugungi kunga qadar respublikamizdagi mavjud 9121 ta fuqarolar yigʻinlari tomonidan jami 1 910 936 ta oila oʻrganib chiqildi. Oʻrganish jarayonida 21 260 ta oilada aniqlangan muammo va kamchiliklar bartaraf etildi.

 5 758 ta oila boʻyicha karantin talablarini buzish holatlari aniqlanib, ularga nisbatan Ichki ishlar boʻlimi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlari tomonidan bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda ogohlantirildi.

Ularning ayrimlariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 54-moddasiga asosan tegishli choralar koʻrildi. Shuningdek, ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.