AVTOMOBILSIZ BIR KUN tashabbusiga qoʻshilaylik

0
163
marta koʻrilgan.

«Toza havo –  tanga davo» deydi xalqimiz.  Abu Ali ibn Sinoning shunday hikmati bor:. «Havoda gʻubor boʻlmaganida inson ming yil umr koʻrishi mumkin edi». Donishmand xalqimizning, alloma tabibning bu oʻgitlari bejiz emas. Togʻliklar nega uzoq yashaydi!? Sabab: musaffo havo.

“Oʻzgidromet”ning maʼlum qilishicha, 17 oktyabr kuni Toshkentda havoning ifloslanish darajasi meʼyoridan 16 barobar oshgan.

Ushbu tashkilot  oʻsha kungi  Toshkentda sodir boʻlgan qum va chang boʻronlarining asosiy sabablarini  quyidagicha izohlaydi: Uzoq davom etgan yogʻingarchiliksiz ob-havo, shahar osmonida havo aylanishining pastligi, poytaxtda olib borilayotgan keng koʻlamli qurilish ishlari hamda shahar koʻchalarida mashinalarning haddan ziyodligidir.

Nevaram Yusufjon bilan “Humo” arenasi oldidan oʻtib ketayotgan edik,  tizilib turgan katta samokatlarga koʻzimiz tushdi. «Buvijon, kattalar ham samokat uchadimi?» – deya ajablanib soʻradi nevaram.

Uning sababini hali tushintirib ulgirmasimdan, yonimizdan samokat uchib ketayotgan yigit oʻtib qoldi.  Nabiram angrayib qoldi.  Kattalar uchishini koʻrmagan ekan-da. Men uning afzalliklarini tushintirdim.

EU in Uzbekistan sayti  “Avtomobildan bir kunga butunlay voz kecha olasizmi? deya tashabbus koʻtarib chiqibdi. Darhaqiqat, ushbu tashabbus shahar havosining tozaligiga munosib hissa qoʻshadi.

Butun dunyo boʻylab shaharlar va mamlakatlarda quyidagi maqsadlarda avtomobilsiz tadbirlar oʻtkaziladi.  Masalan, yoqilgʻisiz transport vositalaridan foydalanish boʻyicha xabardorlikni oshirish va uni amaliyotda qoʻllash. Bu degani bir kun velosiped, samokat, elektrokar yaʼni sigvey va skuterlardan foydalanish nazarda tutiladi. Ushbu harakat salomatlikka va oyoqlarning baquvvat boʻlishiga  munosib hissa qoʻshadi. Shuningdek, ular shahar va mamlakat manfaati uchun avtomobilni oʻrnini bosuvchi ajoyib vositalardir!

Ushbu vositalar shovqinni kamaytirishda ham katta ahamiyatga ega. Shovqin-suron esa bosh ogʻrigʻi, uyqu buzilishi, charchoqni keltirib chiqarishi maʼlum.

Transport bizning sogʻlom turmush tarzimizga salbiy  taʼsir qilishi haqida oʻylab koʻrishning yana bir sababi: shahar koʻchalarida tirbandlikni kamaytirishdir. Tirbandlik tufayli muhim va qayta tiklab boʻlmaydigan boyligimiz – qimmatli vaqtimizni  yoʻqotamiz. Yana benzinni isrof qilishidan tashqari uni zaharli tutunga aylantirib havoni ifloslantirishning oldini olishga munosib hissa qoʻshamiz.

Aziz hamshaharlar, keling “avtomobilsiz bir kun” tashabbusiga qoʻshilaylik  va ulugʻvor muammoning yechimiga munosib hissamizni qoʻshaylik.

Raʼno ZARIPOVA, Respublikada xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.