Axboriy jamiyatda bizni nimalar kutyapti?

0
2365
marta koʻrilgan.

XX asrning oxirgi choragida insoniyat oʻz taraqqiyotining yangi pogʻonasiga koʻtarildi. Inson ongi, dunyoqarashi, maʼnaviyati, madaniyati, turmush tarzi yuksaldi. Olimlar endi bu oʻzgarishlarning qudrati va koʻlamini ifodalab bera oladigan munosib soʻz qidirishga tushdilar. Baʼzilar “kosmos asri”, baʼzilar “elektron davr”, baʼzilar “global qishloq” deb tilga ola boshlashdi. J. F. Liotara bu davrni “postzamonaviy jamiyat”, D. Gabor – “etuk jamiyat”, T. Kompanella va T. Mor – “ideal jamiyat” deb nomlayapti. Zbignev Bjezinskiy esa “biz “texnotron davr” arafasida turibmiz”, deya izohlasa, Daniel Bell “postindustrial jamiyat”ning kirib kelayotganini yozadi.  Elvin Toffler superindustrial jamiyatga qadam qoʻyayotganimizni qalamga oladi.

Biz esa hozircha bu yangi jamiyatni “axboriy jamiyat” deb atayapmiz. Zero, mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasi (1993 yil 28 sentyabr, Nyu-York)dagi maʼruzasida (Asarlar, 2-jild) aytgan edi: “Haqiqatdan ham, insoniyatning ertangi kuni qanday boʻlar ekan? U yangi davrga qay xolatda kirib boradi? U oʻtmishning ogʻir merosini bartaraf eta oladimi? Oʻzaro hadiksirash, ishonchsizlik, hukm oʻtkazish hollari yoʻq boʻlib ketganda u davlatlararo munosabatlarda roʻy-rostlik va samimiylikning shunday darajasiga erishadimi? Millatlar hamjamiyatining kelajagi mana shu savollarga beriladigan javoblarga bogʻliq”. Mamlakatimizning birinchi prezidenti bildirgan bu fikrlar bugun biz qalamga olayotgan mavzu mohiyatini ham ochib beradi. Zero, keyingi davrlarda hayot va inson turmushi tarzida keskin oʻzgarishlar yuz berdi. Sivilizatsiyaning birlamchi asosi boʻlib kelgan qishloq xoʻjaligi koʻpgina mamlakatlarda oʻz hukmron mavqeini yoʻqotdi. Bugun dunyodagi oʻndan ortiqrok mamlakatda mehnatga layoqatli aholining atigi 15 foizi mazkur tarmoqlarda band. Dunyo taraqqiyoti tarixida insoniyat birinchi marta, taʼbir joiz boʻlsa oʻz yelkasidan qishloq xoʻjaligi boʻyinturugʻini uloqtirib tashladi, qoʻl mehnatining mashaqqatidan halos boʻldi. Jahonda xizmat koʻrsatish iqtisodiyoti paydo boʻldi. Rivojlangan mamlakatlar (Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Kanada, Niderlandiya va hakozo) bu yoʻlga tezkor qadam qoʻyishdi. Aniqroq aytganda, qishloq xoʻjaligi insoniyat tarixida oʻn ming yil hukmronlik qildi, ikki-uch asrcha industrial hukmronlikni boshdan kechirdi. Endi esa yangi sivilizatsiya – axboriy jamiyat ostonasida turibdi.

Amerikalik olim Elvin Toffler oʻzining “Uchinchi toʻlqin” asarida insoniyat tarixda ikki tamaddun bilan yuzlashganini, yaʼni oʻzgarishlarning ikki ulkan toʻlqinini boshidan kechirganligini aytadi. Oʻzgarishlarning birinchi toʻlqini – qishloq xoʻjaligi inqilobi boʻldi. U ming yil umr koʻrdi. Ikkinchi toʻlqin – sanoat sivilizatsiyasi boʻlib, atigi uch yuz yil hukmronlik qildi. Elvin Tofflerning bashorat qilishicha, kelajakda texnikaviy taraqqiyot yanada kuchayadi va oqibatda superindustrial jamiyat shakllanadi. Insoniyat boshidan yana bir oʻzgarishlar toʻfoni, uchinchi toʻlqin – (yangi sivilizatsiya) superindustrial jamiyatni kechirishini ham aytadi u.

Bugunga kelib, tarix yanada ildam tezlanishlar shohidi boʻlmokda. Toffler “Uchinchi toʻlqin” asarida birinchi toʻlqin davrini miloddan avval taxminan 8 ming yil muqaddam boshlangan va u yer yuzida taxminan milodiy 1650–1750 yillargacha yakka hukmronlik qilgan hodisa sifatida koʻrib chiqadi. XVII-XVIII asrlarga kelib esa uning harakatchanligi susayganligini va ikkinchi toʻlqin borgan sari qudrat kasb eta boshlaganligini aytadi. “Aynan shu ikkinchi toʻlqin hosilasi boʻlmish industrial sivilizatsiya sayyoramizda ustuvor mavqeni egallay bordi va oxirida u oʻz rivojining eng yuqori choʻqqisiga koʻtarildi” – deydi olim va burilishning tarixan bu soʻnggi nuqtasi Qoʻshma Shtatlarda taxminan 1955 yildan boshlangan davrga toʻgʻri kelishini yozadi. Toffler uchinchi toʻlqinni avval Qoʻshma Shtatlarda yuz berganini, oʻsha oʻn yillikda birinchi marta “ok yoqaliklar” soni (yaʼni xizmat koʻrsatish sohasi xodimlari) “koʻk yoqaliklar” (qora mehnat bilan shugʻullanuvchilar) sonidan ortib ketganligini ham aytadi. Keyinchalik bu toʻlqin har xil muddatlarda boshqa mamlakatlarga (jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Germaniya va Yaponiyaga) ham yetib bordi.

Hozirgi kunda yuksak texnologiyalarga ega boʻlgan hamma mamlakatlar uchinchi toʻlqin bilan ikkinchi toʻlqin oʻrtasidagi ixtiloflarga duch kelishyati. Yaʼni, bugungi kunda juda kam davlatlar axboriy jamiyat tuzumiga oʻtdi. Kurrai zaminning boshka bir qismlarida esa sanoatlashtirish hamon davom etmoqda. Avvallari qishloq xoʻjaligi bilan ustuvor ravishda shugʻullanib kelgan bir qancha mamlakatlar endilikda jon-jahdlari bilan poʻlat quyish zavodlari, avtomobil, toʻkimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, shuningdek temir yoʻllar qurmoqda. Tofflar ikkinchi toʻlqin deb atagan mazkur sivilizatsiya hali oʻz kuchini uzil-kesil yoʻqotib boʻlgani yoʻq. Biroq, axboriy jamiyat kirib kela boshladi. Ayniqsa, internetning tobora ommaviylashishi uning kirib kelishini tezlashtirmoqda. Qay bir davlat bu jamiyat tuzumiga qanchalik chuqur kirib borgan boʻlsa, demak, uning shunchalik rivojlanganlik belgisini bildiradi. Lekin, shu oʻrinda yana bir masala olimlarni oʻylantirib turibdi. Turli mamlakatlar axboriy jamiyatga turli davrda oʻtadi, yaʼni, biri – oldinroq, biri – keyinroq. Afsus, bunday tafovvut salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki, axboriy jamiyatga oldinroq oʻtgan davlat oʻzidan qoloqroq davlat ustidan hukmronlik qilish harakatiga tusha boshlaydi. Bu esa oʻz-oʻzidan ularda mafkura va madaniyatlarning integratsiyalashuviga, baʼzi milliy mafkura va madaniyatning yoʻqolishiga ham sabab boʻladi.

Soʻnggi yillarda siyosatshunoslar tomonidan xalqaro miqyosdagi mavjud mojarolar va ziddiyatlar mohiyatini aniqlash borasida muayyan ilmiy kuzatishlar olib borilmoqda. Ularda katta qiziqish uygʻotgan Amerika siyosatshunosi Samuel Xantingtonning “Madaniyatlar toʻqnashuvi” nomli asari boʻldi. Asarda ziddiyatlar endilikda davlatlararo emas, madaniyatlar oʻrtasida kechishi haqida fikr yuritiladi. Olim kelajakda dunyodagi vaziyat yettita yoki sakkizta madaniyatlarga bogʻliq boʻlib qoladi, deya bashorat qiladi va gʻarbiy madaniyat, konfutsion, yapon, islom, hindi, slavyan, Lotin Amerikasi hamda ehtimol tarzda Afrika madaniyatlarini sanab oʻtadi. Muallif oʻz qarashlarida konflikt(ziddiyat)lar rivojini, ularning oʻzaro qarama-qarshilik xususiyatlari mohiyatini metodologik (uslubiy) jihatdan asoslashga ham urinadi. Albatta, olimning baʼzi tahliliy fikrlari bilan qoʻshilib boʻlmaydi. U islomni gʻarb uchun katta tahdid soluvchi yirik madaniyat sifatida qaraydi va bu tahdidlarni madaniyatlarga qarshi turish yoʻli bilan bartaraf etishni taklif etadi. 

Shuning uchun, bizningcha, S. Xantingtonning bu fikrlari unchalik ham toʻgʻri emas. Chunki, ziddiyatlar negiziga chuqurrok qaraydigan boʻlsak, mavjud muammolar madaniyat xilma-xilligiga emas, balki, inson zotining xalqaro miqyosda gegemon(hukmron)lik qilish kayfiyati bilan bogʻliq. Muammolar esa ayrim millatlarda boshqa millatlar ustidan ustuvor boʻlish, zoʻravonlik qilish tuygʻusi bilan shakllanadi. Bunday kayfiyatdagi millatda, shubhasiz militar ruh kuchayadi. Militar mafkura soʻngra siyosatga aylanadi. Germaniya, Yaponiya, Rossiya xalqi tarixidan maʼlumki, militar siyosat nafaqat boshka xalqlar uchun, balki shu gʻoyani mafkuraga aylantirgan xalqning oʻzi uchun ham halokatlidir.

Bugungi kunda axborot davri mafkurasi haqida turlicha qarash va nazariyalar bor. Baʼzi olimlar axboriy jamiyatda dunyo boʻyicha yaxlit universal mafkura boʻladi desa, boshqalari dunyo boʻyicha bir nechta dinlarga bogʻliq mafkuralar vujudga keladi, deb bashorat qilmoqdalar. Yana baʼzilari – dunyoda koʻpgina milliy mafkuralar boʻladi deyishsa, baʼzilari umuman mafkura boʻlmaydi, deb ham taxmin qilishmoqda. Dunyo boʻyicha yagona mafkura boʻlishi – zamonaviy axborot texnologiyalari hukmronligi va turli xalqlarning turmush tarzi bir xilda boʻlishi bilan izohlanadi.

Elvin Toffler yangi jamiyatga xos boʻlgan oltita xususiyat (prinsip)ni koʻrsatib oʻtadi. Ularning barchasi bir-biri bilan bogʻliq boʻlib, hayotning barcha jabhalarida aks etadi: standartlashtirish; ixtisoslashish; sinxronlashtirish; konsentratsiya; kattalashtirish; markazlashish.

Lekin bu jarayonlarni Toffler salbiy baholaydi. Uning fikricha, uchinchi toʻlqin odamlari ana shu prinsiplarga qarshi kurashadi. Chunki, bu prinsiplar bir-birini kuchaytirgan holda muqarrar tarzda byurokratiyaning oʻsishiga olib boradi va ular eng yirik, eng bagʻritosh, eng qudratli byurokratik tashkilotlarni vujudga keltiradi.

Toffler bashorat qilgan jarayon kurtaklarini bugungi kunda xam koʻrish mumkin. Masalan, hozirgi sivilizatsiya – sanoat davri mahsuli. Sanoat esa bu texnika degani. Axboriy jamiyat ham aynan sanoat tufayli vujudga kelgan. Sanoat bora-bora axboriy jamiyatni takozo etdi. Demak, koʻrinib turibdiki, ular bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.

Biz hamma joyda ishlab chiqarishning asosiy prinsiplari mavjudligini koʻrib turibmiz. Industrial jamoalar mutlaqo bir xil millionlab mahsulotlar ishlab chiqaryati. Bu jarayonni hatto ommaviy axborot vositalarida ham ilgʻayapmiz. Yaʼni, fabrika millionlab kishilar uchun katta miqdorda bir xil buyum yasab tashlaganiday, ommaviy axborot vositalari ham millionlab odamlarning miyasi uchun bir qolipdagi axborotlarni keragicha chiqarib yotibdi. Bu kelajakda hatto axborotlar ham standartlashib boraveradi degani. Boshqacha aytganda, ommaviy tarzda tayyorlangan, standart axborotlar standart mahsulotlar egizaklariday gap.

Shunday qilib, pirovardida axboriy jamiyat – infosfera maydonga keladi. Bu – aloqa kanallaridir. Ular yordamida individual va ommaviy maʼlumotlar xuddi xom ashyo va tovarlar kabi samarali taqsimlanadi. Natijada infosfera texnosfera va ijtimoiy sohalar bilan uygʻunlashib ketadi. Aslini olganda bu jarayon bugungi kunda allaqachon boshlanib boʻlgan ham. Standartlashtirish prinsipi kundalik hayotning barcha sohalariga, xususan ommaviy axborot vositalariga oʻz muhrini bosib ulgurgan, deyish mumkin. Millionlab odamlar aynan bir xil reklamani koʻradigan, oʻqiydigan, aynan bir xil yangiliklar va hikoyalarni eshitadigan boʻlib qoldilar. Bular kelajakda biz axborot jamiyati deb atayotgan jamiyatning ijtimoiy ongi, mafkurasi, munosabatlari va madaniyatiga taʼsir qilmay qolmaydi.

Zotan, umumiy mafkura, umumiy madaniyat oxir-oqibatda milliy qadriyatlar va milliy maʼnaviyatlar yemirilishiga sabab boʻlishi muqarrar. Harqanday “inqilob” odamlar hayotiga qandaydir yangiliklar olib kirishi, odamlarni notanish va koʻnikmasiz vaziyatlarga roʻparoʻ qilishi mumkin boʻlganidek, tugʻilib kelayotgan yangi sivilizatsiya ham oʻzi bilan birga yangicha dunyoqarash, yangicha munosabatlar, yangicha turmush tarzi, yangicha iqtisodiyot hamda yangi siyosiy ixtiloflar olib keladi. Tushunchalar, qarashlar, mafkuralar, gʻoyalar, qadriyatlar, madaniyatlar oʻzgaradi. Lekin, bizning nazarimizda, har bir millat oʻz mentaliteti, oʻz tarixi, oʻz tabiiy joʻgʻrofiy sharoiti va manfaatlariga mos boʻlgan oʻz davlatchiligi, oʻz turmush tarzi, oʻz mafkurasi hamda madaniyatini uchinchi bosqich – axboriy jamiyatda ham asrab, rivojlantirib borishga intilib yashashi kerak.

Oydin Saʼdullayeva, OʻzDJTU oʻqituvchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.