Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida daftar mahsulotlarini tayyorlashda tasdiqlangan umumiy texnik reglament hamda davlat standartlariga rioya etilishiga bagʻishlab amaliy seminar oʻtkazildi.
Unda barcha masʼul idoralar — prokuratura, soliq organlari, “Oʻzstandart” agentligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi mutasaddilari, mutaxassislar, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Oʻrnatilgan texnik reglament va standartga koʻra, 12 varaqli daftarning vazni 70-80 grammli qogʻozdan tayyorlangan boʻlishi kerak. Lekin afsuski, bugun bozorlarimizdagi bunday daftarlar 45-50 grammli qogʻozlardan tayyorlanyapti. Bu — farzandlarimizning sogʻligiga, ayniqsa, koʻrish qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazadi. Qolaversa, sifatsiz qogʻoz va rangli, tarkibida turli kimyoviy moddalar bor qogʻozlar yana jiddiy kasalliklarga olib kelishi ham mumkin.
Seminarda sifatsiz va kontrafakt matbaa mahsulotlari realizatsiyasining oldini olish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Standartga mos kelmaydigan sifatsiz oʻquv qurollari ishlab chiqarayotgan, ularning savdosi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlarni qonunga muvofiq ish olib borish boʻyicha ogohlantirish lozimligi qayd etildi hamda bu borada masʼul idoralar oʻrtasida hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.