Davlat test markazi: «Biz ideal emasmiz, ammo muammolar ustida ishlayapmiz»

0
218
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat test markazi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Davlat test markazi boshqarma boshligʻi Sardor Rajabov, markaz boʻlim boshliqlari Elvira Urayeva, Husan Azizov va jurnalistlar ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida joriy yilda Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan test sinovlari, shuningdek, abituriyentlar va pedagog xodimlar uchun chet tillaridan malaka sertifikati berish boʻyicha olib borilgan tahlillar, bu yoʻlda xalqaro hamkorliklar yuzasidan axborot berildi.

Taʼkidlanishicha, chet tillaridan test savollari sifatini oshirish maqsadida doimiy ravishda Britaniya Kengashi, Gyote instituti, Oxford University Press, Cambridge Assessment va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab kelinmoqda. Gyote instituti va Davlat test markazi tomonidan imzolangan memorandum doirasida nemis mutaxassislari jalb qilinayotgani va ular tomonidan Davlat test markazi mutaxassislari uchun seminar mashgʻulotlari oʻtkazilyapti.

Qayd etildiki, savollar bazasini yaratish, ularni belgilangan darajaga mosligini tekshirish va tahlil qilish maqsadida bir necha marotaba Cambridge assessment english tashkiloti bilan video konferensiyalar oʻtkzildi va joriy yilning aprel oyida Davlat test markazi mutaxassislari malakasini oshirish uchun Cambridge assessment english tashkiloti ikki nafar mutaxassisi Toshkent shahriga taklif qilindi.

– Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻta olmagan oʻqituvchilar takroriy imtihonni 6 oy kutishlari kerak boʻlmoqda, –  dedi boshqarma boshligʻi Sardor Rajabov. – Bu vaqt ichida bazaviy oylik maoshlariga qoʻshiladigan 15-30 foiz miqdoridagi ustama pulini olish imkoniyatlari yoʻqolmoqda. Shu holatni inobatga olgan holda, Britaniya Kengashi bilan hamkorlik doirasida “APTIS for teachers” testlarini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Qoʻshimcha qilinishicha, “APTIS for teachers” testlari Davlat test markazi tomonidan har oyda bir marotaba oʻtkazish hamda natijalar Buyuk Britaniya mutaxassislari tomonidan tekshirilishi va 3 kunda eʼlon qilish rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishda milliy hamda xalqaro baholash tizimlari sertifikatlarini tatbiq qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019 yil 13 maydagi 395-son qaroriga muvofiq, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlgan talabgorlarga kirish imtihonlarida imtiyoz berish va ularni chet tili fani imtihonidan ozod qilish belgilangan.  Jumladan, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab test sinovlari  majmuasiga chet tili  birinchi (asosiy) fan sifatida kiritilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan va Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat yoki xalqaro sertifikatning V2 va undan yuqorida darajasiga ega boʻlganlar, test sinovlari majmuasiga chet tili birinchi (asosiy) boʻlmagan fan sifatida kiritilgan boshqa bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga (Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari bundan mustasno) hujjat topshirgan va milliy yoki xalqaro sertifikatning V1 va undan yuqori darajasiga ega boʻlgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball berilishi belgilab qoʻyilgan.

Bugungi kunda tegishli hujjatlarga muvofiq, Davlat test markazidan tegishli maʼlumotnomaga ega boʻlgan va boshqa talablarni bajargan oʻqituvchilarga bazaviy lavozim maoshlariga 15-30% ustama belgilanishi koʻzda tutilgan.

Markaz boʻlim boshligʻi Elvira Urayevaning qayd etishicha, bugungi kunda test jarayonlarining asosiy muammolaridan biri — kadrlar bilan bogʻliq.

«Ha, muammolar bor. Biz oʻzimizni ideal demoqchi emasmiz. Ammo bu kamchiliklarni toʻgʻrilash ustida ishlayapmiz. Asosiy muammolardan biri — mutaxassislarimiz asosan filologlar, tilshunoslar. Testologiya, imtihon qabul qilish, baholash boʻyicha mutaxassislarimizni qayta tayyorlaymiz. Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida testolog mutaxassislar tayyorlanmaydi”, ─ deya  taʼkidladi Urayeva. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.