Deputat Klara Jumamuratova: Yangi qonunda «snos» yaʼni buziladigan hovlilar bilan bogʻliq masalalar tartibga solinadi

0
279
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Klara Jumamuratova ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019 yil 4 apreldagi 533-sonli Qonun yuzasidan maʼlumot berildi. Xususan, mazkur hujjatga asosan Uy-joy kodeksi 32-moddasining ikkinchi qismi yangi tahrirda bayon etilgani taʼkidlandi.

“Endi uy egasi (mulkdor) boʻlgan er-xotinning ota-onasi, shuningdek ular bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, yaʼni kelinlar ham, kuyovlar ham mulkdorning oila aʼzolari deb tan olinishi mumkin”, — dedi Klara Jumamuratova.

Deputatning aytishicha, bu kelin yoki kuyovga uyga egalik qilish huquqini bermaydi, ular faqat oila aʼzolari sifatida qayd etiladi. Maqsad oilaviy munosabatlarda tenghuquqlilikni taʼminlash, ajrimlarni kamaytirish ekani bildirildi.

Blogerlarning “snos”  yaʼni buziladigan hovlilar  haqidagi savoliga javob berar ekan, Qonunchilik palatasi vakili bu masalalar ham tartibga solinishini aytib oʻtdi.

“Yer uchastkalarini qanday mezonlarga asosan “snos” qilish mumkinligi qonuniy jihatdan asoslab, mustahkamlab qoʻyiladi, — dedi deputat Klara Jumamuratova. — Bu haqda “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasida alohida moddalar kiritilmoqda. “Snos”lar qaysi paytlar va holatlarda, qanday mezonlarga koʻra amalga oshirilishi aniq va qatʼiy belgilab qoʻyiladi. Bundan maqsad — eng avvalo fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish”.

Yangi qonun qabul qilingach, Uy-joy kodeksi va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga “snos” masalasini tartibga soluvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi maʼlum qilindi.

Deputat ayni vaqtda Uy-joy kodeksini yangi tahrirda qabul qilish uchun ishchi guruh ish olib borayotganini bildirdi.

“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilinishi natijasida xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyektlari hisoblanishi, xususiy mulk huquqi daxlsiz va u davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinishi aytildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.