Avval xabar berilganidek, kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat soliq qoʻmitasi mutasaddilari ishtirokida mavzusida va jurnalistlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yangi soliq konsepsiyasi, kuchga kirgan oʻzgarishlar, jismoniy shaxslarga soliq yukining pasaytirilishi, tadbirkorlik subyektlariga yengillashtirilgan soliq stavkalarining qoʻllanilishi, qoʻshimcha qiymat soligʻi va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi hamda berilayotgan imtiyozlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Soliq toʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron hisobvaraq-fakturalar joriy etilgani va hozirgacha uni 16 mingdan ortiq soliq toʻlovchilar oʻz faoliyatida qoʻllagani, ushbu hisobvaraq-fakturalarda aks etgan jami soliq summasi 5 trln soʻmni tashkil etgani qayd etildi.
Muloqot davomida QQS tizimi boʻyicha imtiyozlarni tugatishga doir kelgusi rejalar haqida gapirildi.
«Bizning maqsadimiz ijtimoiy mohiyatdagi, xususan dori-darmon, kitob va gazetalar faoliyati boʻyicha QQS imtiyozini qoldirib, qolgan barcha sohalar boʻyicha QQS imtiyozini bekor qilish, shu koʻzda tutilgan, — dedi Davlat soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev. — Bu oʻzgarish 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi».
Davlat soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosarining aytishicha, barcha tadbirkorlik subyektlari va korxona, tashkilotlar QQS tizimida qamrab olingach, soliq stavkasini qayta koʻrib chiqish, uni oʻzgartirish va muvofiqlashtirish imkoniyatlari paydo boʻladi.
Brifingda soliq toʻlovchilarga soliqlarning mazmun-mohiyati va ularni qoʻllash tartibini toʻlaqonli yetkazish maqsadida soliq xizmati organlari tomonidan «Maslahat xizmati oynasi» tashkil etilayotgani, maxsus metodik qoʻllanmalar tayyorlanayotgani, QQSni toʻlashga oʻtishda zarur yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy ishlar olib borilayotgani maʼlum qilindi.