AOKA huzuridagi shtabda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi. Ushbu suhbatlar ayniqsa, yosh tadbirkorlarga juda asqatadi.
SAVOL: Internet tarmogʻi orqali savdo faoliyatini boshlash uchun davlat roʻyxatidan qanday oʻtish mumkin? Roʻyxatdan oʻtish bilan bir vaqtda yana qanday xizmatlardan foydalanishim mumkin?
JAVOB: Iinternet tarmogʻining Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimi, yaʼni fo.birdarcha.uz sayti orqali tadbirkorlik subyektini onlayn tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishingiz mumkin.
Roʻyxatdan oʻtish bilan bir vaqtda tegishli organlarga murojaat qilmasdan avtomatik ravishda quyidagi xizmatlardan foydalanishingiz mumkin: davlat soliq inspeksiyasiga bormagan holda soliq toʻlovchilarning identifikatsion raqamini olish, tadbirkorlik subyektini ushbu organda hisobga qoʻyish va soliq turini mustaqil tanlash, firma nomini avtomatik ravishda zaxiraga olish, statistika organiga bormagan holda asosiy faoliyat turini tanlash va korxona va tashkilarni umumdavlat tasniflagichi kodini olish, tijorat bankiga bormagan holda bank hisobraqamini ochish va davlat bojini toʻlash, tizimda mavjud boʻlgan namunaviy taʼsis hujjatlaridan foydalanish.
SAVOL: Karantin vaqtida savdo faoliyatida qiyinchiliklar yuzaga kelganda jamiyat ustav fondini kamaytirish uchun OAVda eʼlon berish va uni DXAga taqdim etish shartmi?
JAVOB: “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga koʻra 30 kun ichida ustav fondining yangi miqdori haqida jamiyatning kreditorlarini yozma xabardor qilishi va OAV da eʼlon qilishi ShART. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 22-sonli qaroriga muvofiq OAVda eʼlon qilingan xabarni DXAga taqdim etish shartmas.
SAVOL: Elektron imzoni olish uchun DXMga borish kerakmi?
JAVOB: Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti va sertifikatini maxsus axborot resursi e-imzo.uz orqali berish mexanizmi joriy qilindi. Buni amalga oshirish yuzasidan tayyorlangan videoqoʻllanma bilan Davlat xizmatlari agentligining rasmiy sahifalari orqali tanishish mumkin.
Shuningdek, Markazlarga kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina xizmatlardan foydalanish uchun murojaat qilishingizni soʻrab qolamiz.