Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Unda Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda maʼqullangan, Prezident tomonidan 2019 yil 10 mayda imzolangan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun yuzasidan maʼlumot berildi.
Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi aʼzosi Islom Xushvaqtov 1994 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur qonun yangi 38 (prim) modda bilan toʻldirilgan. Unga koʻra, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida kavlab olishni amalga oshirish maqsadida yer qaʼri uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi.
“Yer qaʼri uchastkalari, jumladan, oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlari yer osti kon qazishmalari yoʻlaklarisiz va portlovchi moddalardan foydalanmagan holda xavfsiz chuqurlikkacha beriladi, — dedi deputat Islom Xushvaqtov. — Qonunga kiritilgan yangi moddaga asosan, kimyoviy moddalar qoʻllanilgan holda qimmatbaho metallarni ajratib olish texnologiyasidan foydalanish taqiqlanadi”.
Qonunchilik va sud-huquq islohotlari qoʻmitasi aʼzosi Vladislav Svetkov 1 gektargacha boʻlgan yer berish holatini sharhladi.
“Auksion orqali yer berilishin toʻgʻri tushunish va bunga aniqlik kiritish kerak, bu yerning oʻzi yoki yer ostidagi qimmatbaho boyliklar sotiladi degani emas, — dedi Svetkov. — Bunda faqatgina yer ostidagi foydali qazilmalar va qimmatbaho metallar, maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash huquqi berilishi nazarda tutilgan. Deylik, agar oʻsha ajratilgan yer hududidan 10 yoki 100 kilogramm oltin chiqsa, fuqaro uni uyiga tashib ketishi mumkin degani emas. U oʻsha topilgan oltinlarni belgilangan tartibda tegishli idoralarga topshirishi kerak, buning uchun unga qazib olingan oltinning umumiy qiymatidan maʼlum foizlarda mukofot beriladi”.
Aytilishicha, yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan ajratib olingan qimmatbaho metallar zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga bozor narxida topshiriladi.
Muloqot davomida 1992 yil 13 yanvarda qabul qilingan “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunining 9-moddasi yangi qism bilan toʻldirilgani aytildi. Unga koʻra, senator oʻz senatorlik vazifasini bajaradigan vaqtda, uning ish joyi (lavozimi) saqlangan holda ishdan ozod qilinishi shart. Shuningdek, senatorlik vazifalarini bajarayotgan vaqtda senatorning oʻrtacha ish haqi saqlanib qolishi kafolatlangan.
Daryo.uz muxbiri Musulmonbek Ibrohimov propiska olish tartibi, fuqarolarga ikki xil narxda boj belgilangani, agar fuqaro doimiy propiskaga ega boʻlmasa, ikkilamchi bozorda turar joy sotib ololmasligi va bu holatlar Konstitutsiyaga qanchalik mos ekani haqida savol berdi.
“Shaxsiy fikrimni bildiradigan boʻlsam, bu notoʻgʻri, — dedi deputat Ibrohim Hojiyev. — Shaxsan oʻzimga va boshqa koʻp deputatlarga ham aynan shu masalada juda koʻp murojaatlar kelib tushadi. Sizni ishontirib aytaman, bu masala ham tartibga solinadi. Shu muammo yuzasidan ish olib borayotgan ishchi guruh tarkibida deputatlar ham bor. Bu masala shunday qolmaydi, oʻzgarish boʻladi. Albatta bu vaqt talab qiladi, lekin uzoq kutmaysizlar. Bosqichma-bosqich tartibga solinadi. Bu boʻyicha belgilangan topshiriqlar boʻlgan”.
Shuningdek, Daryo.uz muxbiri Regulation.gov.uz sayti orqali jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilayotgan qonun hujjatlari loyihalarining aksariyati nega rus tilida ekani, davlat tilidagi varianti yoʻqligi, nega deputatlar shunga munosabat bildirmayotgani, tashabbus koʻrsatmayotgani xususida soʻradi.
“Doʻstimizning eʼtirozlari toʻgʻri. Ayrim sohalardagi muammolarga vaqt topmayapmiz, — dedi deputat Islom Xushvaqtov. — Jurnalistlar bilan tez-tez uchrashib, koʻproq muloqot qilishimiz, takliflar olib turishimiz kerak. Bu eʼtirozlarni yozib oldik, buni tegishli qoʻmita raisi va Spikerga yetkazamiz”.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot hizmati