Faxriy unvonlar sohibi boʻlgan mehnat qiluvchi pensionerlarga joriy yilning 1 yanvaridan boshlab pensiya toʻliq hajmda toʻlanadi. Bunday imtiyoz ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalarida ijodiy ishlari uchun qalam haqi (gonorar) koʻrinishida daromad oluvchi pensionerlarga ham taalluqli.
Bu haqda Oʻzbekiston Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi «Mehnat faoliyatini olib borayotgan pensionerlarning ayrim toifalariga qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-5291-son farmonida keltirilgan.
Farmonning birinchi bandida shunday huquqiy norma belgilangan. «Shunday tartib oʻrnatilsinki, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab: ishlashi va faoliyat sohasidan qatʼiy nazar, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Xalq…», «Xizmat koʻrsatgan … arbobi» va «Xizmat koʻrsatgan…» faxriy unvonlariga ega pensionerlarga;
ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratganligi hamda ulardan foydalanilayotganligi uchun faqat mualliflik mukofoti (gonorar) koʻrinishida daromad olayotgan, lekin mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirmayotgan pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlanishi nazarda tutiladi».
Hozirga qadar ishlovchi pensionerlarga pensiya toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011 yil 30 aprelda roʻyxatga olingan “Ishlovchi pensionerlarga pensiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom bilan tartibga solingan edi.
Unga koʻra, urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, Ikkinchi jahon urushi yillarida harbiy xizmatni oʻtagan yoki front orqasida ishlagan shaxslar, I va II guruh nogironlari, fuqarolar yigʻinlari va mahallalarning raislari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya boʻyicha maslahatchi lavozimlarida ishlovchi pensioner ayollarga pensiya yuz foiz toʻlangan.
Bu roʻyxatga 2017 yilning 1 apreldan boshlab, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlari Akademiyasi, oliy harbiy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi harbiy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari, harbiy-sanoat kompleksi tarkibiga kiruvchi korxonalarning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlari sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan harbiy xizmatchilar va xodimlar ham kiritilgandi.
Shuningdek Farmonning 3-bandida nafaqadagi kishilarga yana bir yengillik oʻz ifodasini topgan. «2018 yilning 1 yanvar holatiga koʻra: tayinlangan pensiya va nafaqalar hisoblanishi toʻgʻriligini tekshirish natijasida aniqlangan ortiqcha toʻlangan pensiya va nafaqalarning qoldiq summasi — 65 yoshga toʻlgan va undan katta yoshdagi fuqarolardan, shuningdek, 2010 yilgacha boʻlgan davrda tayinlangan pensiya va nafaqalarning ortiqcha toʻlangan puli qoldiq summalari hisobdan chiqarilsin», deb belgilab qoʻyilgan.
Bu hujjat mamlakatimizning mehnat faxriylariga, keksa kishilariga boʻlgan gʻamxoʻrlikning yorqin namunasi va amaliyotidir.
Raʼno ZARIPOVA,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist