Himoya orderi — bu tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan tegishli choralar qoʻllanilishiga sabab boʻladigan hujjat hisoblanadi.
Endi tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan ayollar my.gov.uz portali orqali “Himoya orderi”ni olishga onlayn ariza topshirishi mumkin. Murojaat profilaktika inspektoriga taqdim etilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida koʻrib chiqiladi. Himoya orderi zoʻravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan bir qator cheklovlar qoʻyadi. Himoya orderi ichki ishlar organlarining tayanch punkti profilaktika (katta) inspektori tomonidan beriladi.
Bunga tazyiq va zoʻravonlik sodir etishni taqiqlash, zoʻravonning jabrlanuvchi bilan aloqasini taqiqlash, jabrlanuvchi va zoʻravonning bir xonada boʻlishini taqiqlash, zoʻravon zimmasiga jabrlanuvchining davolanish, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararini qoplash majburiyatini yuklash hamda zoʻravonning qurol saqlash va olib yurish huquqini cheklash kabilar kiradi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, himoya orderi 30 kun muddatgacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Tazyiq va zoʻravonlik toʻgʻrisida habar bergan shaxslar hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻriqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA