«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ: «Bu yil elektr energiyasida reja boʻyicha uzilishlar boʻlmaydi»

0
218
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda  sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda taʼkidlandiki, bugungi kunda jamiyat tomonidan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari orqali yurtimizdagi 6,7 milliondan ortiq aholi xonadoni va 308 mingdan ziyod yuridik isteʼmolchilarga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Aholiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida joriy yilda elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizatsiya qilinmoqda.

Qayd etilishicha, “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari yuzasidan shu paytgacha 24ta tuman va shaharlarda 950 mingdan ziyod zamonaviy elektr hisoblagichlar oʻrnatilgan. Yil yakuniga qadar 2,5 milliondan ortiq elektr hisoblagichlar oʻrnatiladi. 2020 yil yakuniga borib esa 7 milliondan ortiq isteʼmolchilarning barchasi ushbu tizimga toʻliq ulanadi. Zamonaviy hisoblagichlar jamiyat mablagʻlari hisobidan oʻrtacha 770 ming soʻmdan xarid qilinmoqda.

Ushbu zamonaviy elektr hisoblagichlar isteʼmolchilarga bepul oʻrnatib berilmoqda, – dedi Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish (ASKUE) direksiyasi direktori Botir Alimov. – Lekin bu mablagʻlar kreditlar hisobidan amalga oshirilmoqda. Uni qaytarish kerak. Mablagʻlar yangi tizimga oʻtganimizdan soʻng, bir kVt elektr energiyasi narxining 15 soʻmi hisoblagichlarning pulini qoplash uchun yoʻnaltiriladi. Bu — narxlar oshadi, degani emas. Sodda qilib aytadigan boʻlsak, masalan, bir kVt elektr energiyasi narxi 230 soʻm boʻlsa, ana shu summaning 15 soʻmini kreditga ajratamiz.

Mutaxassislar jurnalistlarning hududlarda elektr uzatish bilan bogʻliq savollariga javob berar ekan, bu yil qish mavsumida, agar hammasi reja boʻyicha kechadigan boʻlsa, uzilishlar boʻlmasligini taʼkidlashdi. Qayd etilishicha, bu yil oʻtgan yillardagiga nisbatan koʻproq elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Shu bois bu yil oʻtgan yillardagi kabi reja boʻyicha oʻchirish boʻlmaydi. Faqatgina avariya holatlarida yoki ob-havoning keskin oʻzgarishi oqibatida energiyaga boʻlgan talab oshib ketgan taqdirdagina uzilishlar boʻlishi mumkin. Ammo bu oʻzgarishlar rejadan tashqari boʻlgani bois oldindan prognoz qilish va aholini ogohlantirish imkonimiz yoʻq.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va muvofiqlashtirish (ASKUE) tizimi joriy etilgach, isteʼmolchilarga nisbatan turlicha tariflar qoʻllaniladi. Jamiyat masʼul xodimi Davrbek Imomovning aytishicha, xonadonlarga nisbatan qoʻllaniladigan 300 kVtlik limitdan koʻzlangan maqsad — tejash madaniyatini shakllantirish. (Maʼlumot uchun, limitdan tashqari har bir kVt energiya 46 soʻm qimmatroq narxda hisoblanadi).

– Tan olish kerak, bizda tejash madaniyati shakllanmagan. Masalan, Oʻzbekistonda bir xonadon bir oyda ishlatadigan oʻrtacha energiya sarfi 170 kVtga teng. Lekin yozda va qishda 500 kVtgacha chiqib ketadi. Agar tarifni 18 foizga oshirsak, odamlar 300 kVtdan kamroq ishlatishga harakat qiladi. Bu tizimga foyda, – dedi Imomov.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.