AOKA huzuridagi shtabda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva ishtirokida oʻtkazilgan brifingda huquqiy mavzuiga oid koʻplab savollarga javoblar olindi.
Savol: Fuqarolik pasportimning amal qilish muddati tugadi. Uni karantin tugagach, almashtirsam boʻladimi? Agar almashtirmasam, jarimaga tortilamanmi?
Javob: Karantin davrida muddati tugaydigan ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan barcha hujjatlar (litsenziya va ruxsatnomalar) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning (fuqarolik pasporti, Oʻzbekistonda yashash ruxsatnomasi), avtotransport vositalari uchun talab qilinadigan hujjatlar (sugʻurta polisi, transportni boshqarish uchun ishonchnoma, transport vositasini (qayta roʻyxatdan oʻtkazganlikni hamda texnik koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar) amal qilish muddati 2020 yil 1 iyulga qadar uzaytiriladi. Ularning muddati oʻtganligi munosabati bilan javobgarlik va boshqa choralar qoʻllanilmaydi.
Savol: Nodavlat tibbiy tashkilot rahbariman. Biz koronavirus infeksiyasini tekshirish boʻyicha pullik xizmat koʻrsatishimiz mumkinmi? Agar mumkin boʻlsa, kimga murojaat qilishimiz kerak?
Javob: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablarga rioya qilgan holda, hududdiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020 yil 1 sentyabrga qadar koronovirus infeksiyasini laborator tekshirish boʻyicha pullik tibbiy xizmat koʻrsatishlariga ruxsat beriladi.
Shunga koʻra, hududdiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Savol: Ipoteka boʻyicha hozir notariuslarga murojaat qilsam boʻladimi? Karantin vaqtida ularga hujjatlarni qanday berish lozim?
Javob: Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan, 2020 yilning 25 martidan boshlab Notariuslarga murojaat qilish faqat kechiktirib boʻlmaydigan zaruriyat yuzaga kelganda: vasiyatnoma, ishonchnoma, garovlar uchun ipoteka boʻyicha e-notarius.uz sayti orqali tegishli notariusga hujjatlarni oldindan elektron shaklda taqdim etish va elektron navbatga yozilish orqali amalga oshiriladi.
Savol: Men yolgʻiz, qarovchisiz nafaqadagi keksa ayolman. Yolgʻiz, parvarishga muhtoj shaxslarga ayrim gigiyena mahsulotlari beriladi, deb eshitdim. Shu toʻgʻrimi va ular bepul beriladimi?
Javob: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, karantin tadbirlari davrida oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironlarga har oy bepul beriladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlari (15 xil turdagi) bilan birgalikda quyidagi vositalar mahalliy byudjetlarning mablagʻlari hisobidan bepul taʼminlanadi:
🔸bir marta ishlatiladigan steril niqoblar (10 dona);
🔸 bir marta ishlatiladigan steril qoʻlqoplar (10 dona);
🔸 antiseptik vositalar (2 dona hajmi 250 ml dan, tarkibida alkogol darajasi kamida 60 foiz boʻlgan suyuq yoki geliy antiseptik);
🔸 bakteriyaga qarshi sovunlar (2 dona, hajmi 0,1 kg dan) jamlanmasi.
Uyda qoling! Mutolani yanada kuchaytiring! Shifokorlar, tadbirkorlar qatorida OAVlari ham Sizlar uchun faoliyat yuritib, ogʻiringizni yengil qilishga harakat qilyapti.