Mamlakatimizda bugun inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifaga aylandi. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning butunlay yangi, samarali tizimi yaratildi. Odamlar bilan muloqot qilish, ularning dardini tinglash, qaynayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.
Hozirgi paytda xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, joylardagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf qilishda davlat idoralarining rahbar xodimlari tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, «Bugun hayotimizning oʻzi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama taʼminlash masalasini dolzarb vazifa qilib qoʻymoqda. Inson manfaatlarini taʼminlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak».
Ana shu hayotiy talabdan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan 2017 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Andijon, Fargʻona va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida sayyor qabullar oʻtkazildi. Sayyor qabullar jarayonida kelib tushgan murojaatlarni toʻliq va xolisona tekshirilishi hamda natijasi boʻyicha qonuniy qarorlar qabul qilinishiga alohida eʼtibor qaratildi. Har bir murojaatning koʻrib chiqilishi vazirlik tomonidan alohida nazoratga olindi.
Sayyor qabullarda jami 6067 nafar fuqaro qabul qilindi. Ulardan 3760 ta turli mazmundagi murojaat kelib tushdi. Bu jarayonda koʻpdan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarga shu joyning oʻzida, tezkorlikda ijobiy yechim topilishi asosiy diqqat-eʼtiborda boʻldi.
Sayyor qabullar davomida kelib tushgan murojaatlar mazmuni boʻyicha tahlil qilinganida, ularning 1388 tasi ichki ishlar organlariga ishga qayta tiklash, 243 tasi ichki ishlar organlariga ishga kirish, 541 tasi ichki ishlar organlaridagi tergovga qadar tekshiruv, dastlabki tergov va surishtiruv hamda 394 tasi pasport-viza masalalariga oidligi maʼlum boʻldi. Oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklarga doir murojaatlar 125 tani, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir murojaatlar 522 tani tashkil etdi. 102 ta murojaatda esa ichki ishlar organlari xodimlarining nooʻrin xatti-harakatlari bayon qilindi. Shuningdek, 445 murojaatda boshqa turli masalalar oʻz aksini topdi.
Eʼtiborli jihati, murojaatlarning 340 tasi sayyor qabul jarayonida ijobiy hal etildi. 731 ta murojaat esa qabuldan soʻng koʻrib chiqilib, ijobiy yechim topdi. Shu bilan birga, 2558 ta murojaat yuzasidan qonuniy tushuntirish berildi, 131 tasi qanoatlantirishdan rad qilindi. Shu oʻrinda misollarga murojaat etsak.
Sayyor qabullardan birida Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashovchi Gulzira Moʻydinova tanishi X. Abdulazizovga eshik yasab berishi uchun 600 AQSH dollari miqdorida pul berganini, ammo oradan ancha vaqt oʻtganiga qaramasdan duradgor vaʼdasining ustidan chiqmaganligidan, boz ustiga, pulni qaytarmayotganligidan norozi boʻlib murojaat qildi. Fuqaroning murojaati tegishli tartibda oʻrganib chiqildi va unga 600 AQSH dollari undirib berildi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Muhabbat Nasrullayeva esa sayyor qabulda qizi M. Boboyorova oliy oʻquv yurtiga kontrakt asosida oʻqishga kirgani munosabati bilan unga bankdan 4 yil muddatga taʼlim krediti olishga yordam berishni soʻradi. Ushbu murojaat ijobiy hal qilindi – M. Boboyorovaga taʼlim krediti ajratildi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi opa-singillar Mavluda, Kamola va Shohida Hasanovalar ish bilan taʼminlashda amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilishdi. Mazkur murojaat nazoratga olinishi natijasida ular shu kunning oʻzida Guliston shahridagi «Bekteks» masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ishga joylashtirildi.
Sayyor qabullar yakuni yuzasidan joylarda oʻtkazilgan muhokamalar jarayonida ichki ishlar organlari tizimida korrupsiya va uning turli koʻrinishlariga qarshi kurashish, shaxsiy tarkib oʻrtasida tamagirlik va poraxoʻrlik kabi salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik, bu borada tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Ozodbek JOʻRABOYEV,
IIV Jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik.
Kamol Olloyorov,
jurnalist.