IIV vakili Yevropa va Oʻzbekiston qamoqxonalarining farqini tushuntirdi

0
239
marta koʻrilgan.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi faoliyati samaradorligini takomillashtirish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga tazyiq oʻtkazmaslik masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Hozir respublikamizdagi mavjud tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish koloniyalariga jami 2 648 ta videokuzatuv moslamalari oʻrnatilgani maʼlum qilindi. Bu tergov va saqlash jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, qiynoq hamda jismoniy tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Muloqot davomida jurnalistlar Oʻzbekistondagi jazoni ijro etish muassasalari dunyo standartlariga qanchalik mos kelishi haqida savol berdi.

— Har bir mamlakatning oʻzi qabul qilgan stadartlari mavjud, — dedi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi Jamshid Sultonov. — Dunyo standarti sifatida Yevropa davlatlarini oladigan boʻlsak, ularda jazoni oʻtash shart-sharoitlari umuman boshqacha, jazoni ijro etish koloniyalari ham boshqacha. Lekin butun dunyoda jazo muddatini oʻtayotgan, qamoqxonalarda saqlanayotgan mahkumlarga nisbatan qoʻllaniladigan va ular uchun yaratiladigan sharoitlarning minimal standartlari bor, bu Nelson Mandela qoidalari deb ataladi. Oʻzbekistondagi jazoni ijro etish muassasalari mazkur Nelson Mandela qoidalariga toʻla mos keladi.

Vazirlik vakili jahon standartlari yoki Yevropa qamoqxoalaridagi holat bilan oʻzimiznikini solishtirayotganda farqlanadigan asosiy jihat xususida toʻxtalib oʻtdi.

— Yevropa koloniyalari, qamoqxonalari mahkumlarga faqat jazoni oʻtash uchun xizmat qiladi, — dedi Jamshid Sultonov. — Yaʼni, u yerda ularning qochib ketmasligi, kasal boʻlsa davolanishi, ovqat bilan taʼminlanishi kafolatlanadi, xolos. Oʻzbekistonda esa mahkumlarni tarbiyalash asosiy maqsad qilib qoʻyilgan. Gʻarb muassasalarida asosan shaxsni saqlab turish koʻzda tutilsa, bizda katta eʼtibor tarbiyaga, toʻgʻri yoʻlga solishga qaratiladi. Tubdan farqlanadigan jihatimiz shunda”.

Qayd etilishicha, jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni qonunlarga hurmat va itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ular ongida mehnatga ijobiy munosabat uygʻotish orqali kelgusida takroran jinoyat sodir etishlarining oldini olish, ozodlikka chiqqach jamiyatga oson moslashuvini taʼminlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni oʻqitish va kasbiy tayyorlash tizimi, oʻquv jarayoniga masofaviy taʼlim imkoniyatlarini tatbiq etish rejasi ishlab chiqilgan. Shu asosda koloniyalarda 1 ta umumtaʼlim va 4 ta kasb-hunarga oʻrgatish markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.