Bolani parvarishlash taʼtillaridan bolaning otasi, buvisi, bobosi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari yoki vasiysi ham toʻliq yoki qismlarga boʻlib foydalanishi mumkin.
Bunda nafaqa puli qanday beriladi? Bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa kimlarga toʻlanadi? Ishlab turib ham ushbu nafaqani olsa boʻladimi?
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu boʻyicha tushuntirish berdi.
–Mehnat kodeksining 405-moddasiga asosan homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili berilib, bu davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa toʻlanadi.
Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar xohishiga koʻra, bolani parvarishlash taʼtili vaqtida toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv boʻyicha uyda ishlashi mumkin. Bunda ularning bola parvarishlash nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.
Mehnat kodeksining 186-moddasiga asosan mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishga qabul qilish chogʻida va keyinchalik toʻliqsiz ish vaqti (toʻliqsiz ish kuni (smena) va (yoki) toʻliqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga boʻlgan holda) belgilanishi mumkin. Toʻliqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 314-son qarori 2-ilovasi 10-bandiga asosan bola parvarishi boʻyicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qatʼi nazar budjetdan tashqari tashkilotlarda ishlayotgan xodimlarga har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 60 foizi miqdorida toʻlanadi.
Mehnat kodeksining 410-moddasiga asosan Ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganini tasdiqlovchi hujjatni ish joyiga topshirishi kerak boʻladi.
Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.
Demak bolani ikki yoshgacha parvarishlash nafaqasini, bolaning otasi, bobo-buvisi yoki boshqa qarindoshlari ham olishi mumkin. Ham ish haqi, ham bola parvarishlash nafaqasini olish uchun bolani parvarishlash nafaqasini olayotgan shaxs toʻliqsiz ish vaqtida ishlashi kerak boʻladi. Shunda ham oylik, ham bolani parvarishlash nafaqasini oladi.
Gulnoza Boboyeva, OʻzA