Joriy yil 1 iyul sanasidan boshlab “qizil” va “sariq” hududlarda yangi oʻzgarishlar

0
179
marta koʻrilgan.

 AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Oʻrinboyeva koronavirus bilan bogʻliq vaziyatga oid savollarga javob qaytardi.

SAVOL: Qoʻshnimizni ish joyidan karantinga olishgan. 11 yoshli va 8 yoshli farzandlarini qarindoshlari parvarish qilishyapti. Parvarish qilayotgan qarindoshlariga mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilishi mumkinmi?

JAVOB: Sogʻliqni saqlash vazirining 2020 yil 11 maydagi “Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi 117-son buyrugʻiga koʻra, uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga hamda karantinga olingan shaxslarning 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi karantinda boʻlgan toʻliq kunlariga ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.

SAVOL: Otam bilan birga yolgʻiz yashaymiz. Ular 12 yildan buyon I guruh nogironi. Mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega emaslar. Otam 84 yoshdalar. Keksa yoshdagi shaxslarga qaragan davr ish staji hisoblanishi rostmi?

JAVOB: Amaldagi qonunchilikka koʻra I guruh nogironiga yoki 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolaga, shuningdek oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan (davolash muassasasining xulosasiga koʻra) 80 yoshga toʻlgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanadi. Bunda umumiy ish staji kamida 7 yil boʻlgan taqdirda ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.

SAVOL: Men maktab oʻqituvchisiman. Ish vaqtimizdan tashqari bizni ishga jalb qilishmoqda. Maktab oʻqituvchilarini ishdan tashqari vaqtda ishga jalb qilinishi mumkinmi?

JAVOB: Mehnat kodeksining 124-moddasiga asosan xodim uchun belgilangan kundalik ish muddatidan tashqari ishlash ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishlarga xodimning roziligi bilan, ikki hissa miqdorda haq toʻlagan holda jalb etishga ruxsat beriladi. Ish smenasining muddati 12 soatdan iborat boʻlganda, shuningdek mehnat sharoiti oʻta ogʻir va oʻta zararli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.

SAVOL: Men yaqinda bir MCHJga haydovchi boʻlib ishga qabul qilingandim. MCHJga tegishli va men masʼul boʻlgan transport vositasida harakatlanganimda yoʻl harakati qoidalari buzilganligi hamda jarima belgilangangi boʻyicha xabarnoma keldi. Bizning rahbariyat meni toʻlashimni aytishyapti. Shu qonuniymi?

JAVOB: Yuridik shaxsga tegishli transport vositasidan foydalanib sodir etilgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, maʼmuriy javobgarlikka yuridik shaxsning transport vositasidan foydalanish uchun masʼul boʻlgan shaxsi tortiladi.

SAVOL: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra 1 iyuldan boshlab kechgi vaqtda uch kishidan ortiq toʻplanishi mumkinmasligi belgilandi. Agar sogʻligʻi yomonlashsa nima qilish kerak boʻladi?

JAVOB: Komissiyaning qaroriga koʻra, joriy yil 1 iyul sanasidan boshlab “qizil” va “sariq” hududlarda soat 07:00 dan 23:00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq toʻplanish hamda 23:00 dan 07:00 ga qadar koʻchalarda, koʻp qavatli uylar va hovlilar oldida boʻlish taqiqlanadi. Bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, homiladorligi munosabati bilan shifokor koʻrigidan oʻtish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi.

Uyda qoling! Oʻzingizni va oilangizni asrang. Bu ezgulik bilan butun mamlakatimiz  hamda jahon ahlini koronavirus  balosidan asragan boʻlasiz!

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.