Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada rivojlangan davlatlarning tajribalari oʻrganilmoqda. Jumladan, Xitoy tajribasi ilgari surgan usullar mintaqamiz va mentalitetimizga mos kelgani bois uni mamlakatimizda joriy etishga kirishilmoqda.
Ana shular xususida OʻzA muxbiri Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari nomzodi Muhsinjon Xolmuhamedov bilan suhbatlashdi.
– Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoy tajribasi ilgari surilgan edi, bu qanday natija beradi?
– Darhaqiqat, Xitoyning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha tajribasi dunyoda eʼtirof etilgan. Yaʼni ular oxirgi 40 yilda 800 million nafar aholini kambagʻallikdan chiqarishga muvofiq boʻlishgan. Bilamizki, Xitoyda 2+3 kafolatlar tizimi asosida odamlarga munosib turmush tarzi, qashshoqlikdan chiqarish tizimi yaratilgan.
Kambagʻallik avloddan-avlodga oʻtib boradigan hodisa boʻlib, bunda eng katta va hal qiluvchi kuch davlat hisoblanadi. Xitoy taʼlim tizimiga, sifatli sogʻliqni saqlash tizimiga va arzon uy-joy masalalariga alohida eʼtibor qaratgan. Shuning uchun bu mamlakatda 5 kafolatga ega boʻlgan shaxs nafaqat oʻzi, balki avlodini ham kambagʻallikdan chiqarishi uchun asos shakllantirgan. Bu tajribani Oʻzbekiston miqyosida qoʻllash boʻyicha tizimli ishlar, meʼyoriy hujjatlar, yoʻl xaritalari strategiyalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bugungi kunda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, kambagʻal qatlamga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratilmoqda.
– Subsidiya, imtiyozli kreditlar bilan aholini kambagʻallikdan chiqarish mumkinmi?
– Dunyodagi kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha oʻtkazilgan koʻplab tadqiqot va tajribalar shuni koʻrsatadiki, subsidiya, imtiyozli kreditlar bilan aholini kambagʻallikdan chiqarish mumkin. Masalan, hududlarda fuqarolarimizga sifatli taʼlim berish, zamonaviy mehnat bozoriga kerak boʻlgan sohalarga, kasb-hunarlarga oʻrgatish va ularning mustaqil faoliyatini boshlashi, daromad olish uchun subsidiya, imtiyozli kreditlar berish dasturlari amalga oshirilmoqda.
Toʻgʻri, bu hamma joyda 100 foiz oʻzini oqlamagandir. Lekin odamlarda faol ruhiyat, tadbirkorlikka boʻlgan shijoatni koʻrsatish, yaʼni oʻzining imkoniyatlarini toʻla namoyon qilish uchun sharoit yaratildi.
– Mamlakatimizda qaysi mezonlar asosida kambagʻallik belgilanadi?
– Kambagʻallikni oʻlchash masalasi juda muhim. 2021 yilgacha Oʻzbekistonda kambagʻallik chegarasi hech qachon hisoblab chiqilmagan. Kambagʻallik chegarasi butun dunyoda har xil oʻlchanadi. Qayerdadir nisbiy, qayerdadir absolyut koʻrsatgichlar. Oʻzbekistonda birinchi marta aholini isteʼmoldagi xususiyatlari borasida soʻrovnomalar, tadqiqotlar oʻtkazildi. Yaxshi kaloriyali ovqat yeyish, tibbiy xizmat olish va boshqa xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarni hisoblab chiqib, minimal isteʼmol xarajatlari degan tushuncha va metodologiya ishlab chiqildi. Ana shulardan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, hozirgi kunda kambagʻallik darajasi 14,1 foiz tashkil etadi.
Yaqinda poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ilgʻor tajribalarni hayotga tatbiq etish” II Xalqaro forumida ham koʻplab xorijlik ekspertlarning fikri bilan tanishdik. Quvonarlisi, ekspertlar bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha boy tajribasi va yutuqlari eʼtirof etildi.
Kambagʻallikni qisqartirishda eng birinchi masala — insonlarning psixologiyasini oʻzgartirishdir. Yaʼni, odamlarda berilayotgan erkinliklar va amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻproq foydalanish istagi boʻlishi kerak. Taʼlim, tadbirkorlik yoki boshqa sohalarmi, eng avvalo, mustahkam gʻoya va ishonch muhim.
Kambagʻallikni qisqartirish maqsadida aholiga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Bugungi kunda koʻpchilik fuqarolarni oʻylantirayotgan masala — kredit foiz stavkalarining yuqoriligi va milliy valyutaning qadrsizlanishi. Bu kambagʻallik darajasini oshirmaydimi?
– Afsuski, bu boʻyicha universal tavsiya yoʻq. Butun dunyo 2020-2021 yillarda global pandemiyaga duch keldi. Juda koʻp chegaralar yopildi. Yaʼni tovarlar aylanishiga cheklov qoʻyilgani, koʻplab mahsulotlar tanqisligi yuzaga keldi.
Hozir ham dunyo boʻyicha oziq-ovqat yetishmovchiligi va inflyasiya oshib ketyapti. Bundan tashqari, energiya manbalarining narxi oʻsmoqda. Bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda boʻlayotgan hodisa. Buning yana bir omili rivojlangan davlatlar oʻzining aholisiga pul mablagʻlarini pechat qilib bosmadan chiqarib berdi. Yaʼni uning manbasi yoʻq. Manbasi boʻlmagan pul esa inflyasiyani keltirib chiqaradi. Pul massasi kam, tovarlar koʻp boʻlgandan keyin qayerda boʻlmasin, defektini koʻrsatadi.
Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda inflyasiyaning oldini olish borasida ham muhim ishlar amalga oshirilyapti. 2024 yilga borib, inflyasiya darajasini 5 foizgacha tushirish maqsad qilingan. Mana, bu yil inflyasiya darajasi 2 chorakda keskin tushdi. Hozir inflyasiya darajasi 2,5 foizga tushirilmoqda. Yillik surati esa 10 foizdan oshirilmasligi toʻgʻrisida barcha chora-tadbirlar belgilangan.
Moliyaviy ehtiyojlar va resurslar oʻzining qiymatiga ega. Yaʼni bir soʻm pul ertaga qoʻshimcha foyda olib kelishi lozim. Afsuski, moliyaviy jihatdan xalqaro maydonda resurslarning tanqischiligi nuqtai nazardan banklarimizning foiz stavkalari juda yuqori. Lekin bu cheklov boʻlishi kerak emas. Moliyaviy mablagʻlar topiladi. Odam oʻz xarajatlarini qisqartirib ham pul jamgʻarishi, koʻpaytirish boʻyicha tajriba toʻplashi mumkin. Bu boʻyicha universal tavsiya yoʻq. Ammo harakat qilinmasa, natija boʻlmaydi.
Jahon bankining 2023-yilda kutilayotgan prognozlariga koʻra, dunyoda 28 mln.dan 40 mln. nafargacha odam kambagʻallik tuzogʻiga tushadi. Bu — kambagʻallikning dolzarbligi hali ham pasaygani yoʻq, degani. Oʻzbekistondagi hozirgi holatni oʻrganadigan boʻlsak, 2022 yilning oʻzida 1 mln. odam kambagʻallikdan chiqarildi. Bu mamlakatimizning mahalla kesimida olib borayotgan siyosati samaradorligidan dalolat.
Shahnoza MAMATUROPOVA, OʻzA