AOKA anjumanlar zalida taʼlim sohasiga oid eng soʻnggi yangiliklar yuzasidan boʻlib oʻtgan onlayn-brifingda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev muhim savollarga javob qaytardi.
Savol: Karantin cheklovlari yumshatilmoqda, oʻquv markazlarida oʻqishlarni boshlab tursak boʻladimi?
Javob: Hozircha yoʻq. Bu boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi qarori qabul qilingandan soʻng, oʻquv markazlarida taʼlim jarayonlarini tashkil etish mumkin boʻladi.
Savol: Karantin paytida oʻquv markazlarining oʻqituvchilari uy sharoitida 3-4 nafar (undan oshirmagan holda) abituriyentga dars oʻtsa boʻladimi?
Javob: Yoʻq. Bu karantin qoidalariga zid.
Savol: Pedagog kadrlar attestatsiyasida malaka (test) sinovlari uchun pul toʻlaganman. Karantin tufayli qoldirildi. Toʻlov oʻz kuchida qoladimi?
Javob: Albatta, oʻz kuchida qoladi. Attestatsiya boshqa muddatga koʻchirilgan taqdirda yigʻim summasi takroran undirilmaydi.