Karantin tadbirlari 1 avgustga qadar uzaytirilib, kuchaytirilgan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish belgilandi, bunda qanday holatlar nazarda tutiladi?

0
139
marta koʻrilgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi Nurmat Otabekov AOKA huzuridagi shtabda boʻlib oʻtgan brifingda muhim savollar yuzasidan javob qaytardi:

SAVOL: Kuchaytirilgan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirishda qanday holatlar nazarda tutiladi?

JAVOB:  Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan, mamlakatimizda karantin tadbirlari 1 avgustga qadar uzaytirildi. 1 avgustgacha boʻlgan vaqt mobaynida kuchaytirilgan davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish haqida ham alohida topshiriq bor. Mazkur qarorda: «Karantin cheklovlari sharoitida faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan tadbirkorlik subyektlariga (qurilish, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish obyektlari va b.) tegishli obyektlarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ushbu obyektlarni va shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bogʻliq xarajatlar mazkur subyektlar hisobidan qoplanishi belgilandi», deyilgan.

 Hurmatli yurtdoshlar, aynan Oʻzbekistonda karantin va cheklov tadbirlari amal qilish barobarida xalqimiz, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari juda jiddiy sabr-matonatni namoyish qila oldi. Oʻzbekiston Respublikasi, qolaversa, Toshkent shahri karantin tadbirlariga rioya etish boʻyicha juda yuqori reytingda boʻlib turdi. Albatta, bularning barchasi keyinchalik epidemik vaziyatda oʻz aksini topdi. Natijada respublikada koronavirus kasalligi boʻyicha epidemik vaziyatni jilovlash imkoniyati paydo boʻldi.

Endi bir tasavvur qilaylik, hozirga qadar aniqlangan bemorlar soni 5154 nafarni tashkil etyapti. Mana shu kasallikka chalinganlarni karantinda saqlash, davolash, reabilitatsiya bilan bogʻliq xarajatlarning barchasi davlatimiz byudjeti hisobidan qoplanyapti. Shu paytgacha bu xarajatlarning birortasi biror-bir tashkilot yoki tadbirkorlik subyektlari hisobidan qoplanmagan.

Qarorda belgilangan mazkur bandning aks etishidan asosiy maqsad shuki, «yashil» va «sariq» hududlarda joylashgan qurilish, umumiy ovqatlanish xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari masʼuliyatni toʻliq his qilsin. Karantin tadbirlariga rioya etsin. Bu kabi tashkilotlar faoliyat koʻrsatayotgan paytda albatta xodimlari doka niqobda boʻlishini taʼminlasin. Umumiy ovqatlanish muassasalarida xizmat koʻrsatuvchi shaxslarning qoʻlqopda va doka niqobda boʻlishi taʼminlansin. Mijozlari oraliq masofa saqlashga rioya etishini nazorat qilsin. Har bir mijozdan keyin stol ustini dezinfeksion vositalar bilan ishlov berilsin.

 Eng asosiy maqsadimiz — kasallikning bir odamdan ikkinchi odamga yuqishiga yoʻl qoʻymaslik. Respublikada ogʻir mehnatlar evaziga jilovlangan epidemik vaziyatni murakkablashtirib yubormaslik, yana karantin va cheklov tadbirlarini keskin va qattiq boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.