Hozirgi sinovli kunlarda bir-birimizga yelkadosh boʻlish, koronavirus balo-yu, ofatiga qarshi oʻz jonini tahlikaga qoʻyib boʻlsa-da, kurashayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizni qoʻllab-quvvatlash, yuzaga kelgan vaziyatni keng jamoatchilikka toʻgʻri yetkazish OAV larining eng muhim vazifalaridan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham ushbu faoliyatga munosib hissa qoʻshmoqda. Onlayn ish usuliga oʻtgan AOKA shtabida SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Habibulla Oqilov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: Karantindan keyin niqob taqish va himoya vositalaridan foydalanishda davom etamizmi?
Javob: Bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari va oʻsha vaqtdagi epidemiologik holatga bogʻliq. Shaxsiy gigiyena qoidalari va ijtimoiy masofalanish tartibiga yurtdoshlarimiz koʻnikishdi va ular ushbu qoidalarga rioya qilishda davom etishadi.
Savol: Ayrim savdo markazlari va bozorlar kiraverishida sanitar darvoza oʻrnatilgan va kirishingizda qandaydir suyuqlik sepadi. Bunday sanitar darvozalarda qanday suyuqlikdan foydalanishadi? Salomatlik uchun xavflimasmi?
Javob: Yoʻq, sogʻliq uchun zararli emas, bu inson salomatligiga taʼsir koʻrsatmaydigan dezinfeksiya vositasi.
Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda Singapur universiteti olimlarining Oʻzbekistonda 24-mayga qadar koronavirus infeksiyasi tarqalishi tugashi toʻgʻrisidagi prognozlar haqida maʼlumot koʻrdim. Bu borada mutaxassislarimiz qanday fikrda?
Javob: Singapur universiteti olimlari matematik model va joylardagi statistikadan kelib chiqib, prognoz hisobi dasturini yaratishdi. Ularning oʻzlari bu bor-yoʻgʻi dasturligini va haqiqatda holat mutlaqo boshqacha boʻlishi mumkinligini taʼkidlashmoqda.
Savol: SES xodimlari nimaga asosan haydovchilarga «dostavka» qilinadigan mahsulotlarni toʻgʻri oʻrash haqida koʻrsatma berishadi?
Javob: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari yetkazib beriladigan tovarlarni toʻgʻri oʻrash borasida koʻrsatma emas, tavsiya berishadi. Aholiga esa qabul qilib olingan tovarni oʻramdan qanday toʻgʻri ochish va isteʼmol qilishdan oldin dezinfeksiyalash borasida tavsiyalar beriladi.
Savol: Mirzo Ulugʻbek tumanidagi maktabda 9-sinf oʻquvchilarini 2 may kuni 8 OP ga emlashga kelishlarini talba qilishyapti. Bu vaziyatda «toʻplanish» hisoblanmaydimi?
Javob: Koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemiologik holatga qaramay, mamlakatda emlash oʻz vaqtida amalgi oshirilishi lozim va bu davom ettirilmoqda. Emlash ijtimoiy masofa xavfsizligi qoidalariga rioya etgan holda tashkillashtiriladi.