AOKA huzuridagi shtabda Respublika Maxsus komissiyasi aʼzosi Feruza Hamroboyeva ishtirokida oʻtkazilgan brifingda koronavirus infeksiyasi borasida aholidan kelib tushgan savollar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: Kasallikni yengil darajasida davolanayotgan bemor yashash sharoitiga koʻra oila aʼzolaridan ijtimoiy masofalanishga imkoniyati boʻlmasa nima kilishi kerak?
Javob: Qiyin masala, lekin oʻz yechimiga ega: bemorga imkon qadar uyning bir burchagida yotar joyi joylashtirilishi; bunda oila aʼzolarining 1,5 — 2 metrgacha masofani saqlashlari; xonadonda oilaning barcha aʼzolari niqob taqib yurishlari va uni har 2 soatda almashtirib turishlari; yelvizak hosil kilmasdan, xonani tez-tez shamollatib turishlari; dezinfeksion vositalar yordamida muntazam ravishda nam tozalash ishlarini oʻtkazish; kun davomida koʻprok suyuqlik ichish; ogʻiz va burun boʻshliqlarini kuniga 4-5 marotaba tarkibida suv, tuz,soda va yod qoʻshilgan eritma bilan chayib turish; hamma gigiyena qoidalariga qatʼiy amal kilish; sogʻlom turmush tarzi tamoyillari haqida ham unutmaslik tavsiya etiladi.
Savol: Men internet-yetkazib berish orqali Xitoydan kiyim — kechak buyumlarini buyutma boʻyicha olaman, menga kasallik yuqishi mumkinmi?
Javob: Bu borada mutassadi idoralar tarafidan davlatlararo savdo va yuklarning harakati boʻyicha hech qanday cheklovlar belgilanmagan. Shunga koʻra, bu sizning hayotingiz uchun xavfli emas, deb hisoblash mumkin.
Savol: Koronavirus bemorlarining ehtiyojlari uchun tibbiy asbob-uskunalarni toʻsiqsiz yetkazib berilishini taʼminlashda nima ishlar qilinmoqda?
Javob: Import qilishda bojxona ishlarini tezlashtirish kerak boʻlgan dori-vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika vositalarining roʻyxati tasdiqlandi (84 turdagi tibbiy uskunalar — roʻyxatga olmasdan, 46 nomdagi dori preparatlari — tezlashtirilgan sertifikat).
Savol: Hozirgi kunga kelib hududlarda yetarli miqdorda koronavirusni aniqlovchi test-tizimlar mavjuddir, ammo shu test toʻplamlari bilan toʻgʻri ishlay oladigan mutaxasislar ham yetarlimikan?
Javob: Oʻrinli va mulohazali savol, negaki testlarni javobi toʻgʻri chiqishi uchun — bu juda muhim. Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, TTA, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlari va ularning filiallarida umumiy klinik laborant shifokorlari hamda Biologiya taʼlim yoʻnalishini tugatgan bitiruvchilardan virusologiya laboratoriyalarida faoliyat yurita oladigan mutaxassislarni tayyorlash alohida belgilab qoʻyilgan.