Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oʻzstandart” agentligi va aholiga sifatli mahsulotlarni yetkazishga masʼul bir qator davlat idoralari va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida “Aholi salomatligini muhofaza qilishda import mahsulotlar sifatiga eʼtibor qaratish: mahalliy mahsulotlarning hamyonbopligi va aholi talablariga mosligini isteʼmolchilarga tushuntirish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 6 moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi isteʼmolchiga oʻzi sotayotgan mahsulotlar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shart. Biroq shunday holatlar ham mavjudki, mahsulot haqidagi maʼlumotga ega oʻzi yopishadigan stikerlar mahsulotni respublikamizga kirib kelishi bilan dilerlar tomonidan yopishtiriladi. Bunda mahsulot toʻgʻrisidagi maʼlumot ishlab chiqaruvchining maʼlumotidan farq qilishi, yaʼni ishonchli boʻlmasligi mumkin. Natijada ishlab chiqaruvchi davlat tilida taqdim etilgan maʼlumot uchun javobgar boʻlmaydi.
Mutasaddilar tomonidan isteʼmolchilar huqularini himoya qilish, aholiga ishonchli va sifatli mahsulotlarni yetkazish va taʼminlash, import qilinayotgan tovarlarni muvofiqlashtirish sertifikatidan oʻtkazish, oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati toʻgʻriligini nazorat qilish, mamlakatga sifatsiz hamda yaroqsiz mahsulotlar olib kirilishi oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Jurnalistlarning 2020 yil 1 yanvardan eʼtiboran yorligʻida davlat tilida maʼlumot koʻrsatilmagan tovar va mahsulotlar haqidagi savoliga “Oʻstandart” agentligi mutasaddilari “2020 yil 1 yanvardan import qilinayotgan har qanday mahsulot turi yorligʻida mahsulot haqidagi maʼlumot davlat tilida koʻrsatilishi shart. Aks-holda bu mahsulot mavjud standart va meʼyorlarga muvofiq sanalmaydi”, — deya javob qaytarishdi.
Anjuman davomida, shuningdek, muxbirlar tomonidan “sekond xend” va ikkilamchi (b/u) mahsulotlarning mamlakatga olib kirish tartibi, ularning zararlari, sifatsiz tovarlar olib kirishning oldini olish chora-tadbirlari haqida ham savol berildi.
“Respublikaga belgilangan meʼyor talablariga nomuvofiq, sifatsiz va soxtalashtirilgan mahsulotlarni kirib kelish holatlari mavjud. Faqat 2017-2018 yillar davrida jismoniy va yuridik shaxslardan “Oʻzstandart” agentligiga 277 dan ortiq, Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga esa 3 mingdan ortiq mahsulot sifati ustidan shikoyat murojaatlari kelib tushgan. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida “Oʻzstandart” agentligiga mahsulot sifati boʻyicha 20 dan ortiq shikoyat murojaatlari kelib tushdi”,- dedi Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A. Mustafoyev. – Joriy yilning 8 oyi natijalariga koʻra import mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida jami miqdori 2,9 mlrd. soʻm boʻlgan 14 turdagi mahsulot boʻyicha 20 holatlarda belgilangan meʼyorlarga nomuvofiqligi aniqlangan.
Misol uchun, toʻqimachilik mahsulotlari (sekond-xend), u doʻkon javonlariga kelib tushishidan avval dezinfeksiya qilinadi. Buyumlarga xavfli toksik modda – formaldegid bilan ishlov berilib, u organizmga oddiy nafas olish orqali tushishi mumkin. Biron-bir surunkali kasalliklar qoʻzgʻalishi, astma paydo boʻlishi uchun sekond-xendda bir muncha vaqt boʻlishning oʻzi kifoya. Bundan tashqari formaldegid saraton kasaliga olib kelishi mumkin.
“OAV va ijtimoiy tarmoqlar, sayt muxbirlaridan yagona istak va iltimosimiz, aholiga sifatsiz va isteʼmolda boʻlgan tovarlardan saqlanish, muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlmagan mahsulotlardan ehtiyot boʻlish, xarid qilmaslik va xarid qilishdan avval sifat sertifikatini talab qilishni yetkazishdir”, -deya qoʻshimcha qildi “Oʻzstandart” agentligi matbuot kotibi Abdurauf Rasulov.