Koronavirus pandemiyasi dunyoning deyarli barcha davlatlariga tahdid solib turgan bir paytda, yurtimizda ushbu xastalikdan tuzalganlarning safi kengayib borayotgani eʼtiborga molik, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi vazirlik saytida: minzdrav.uz .
Mamlakatimizda koronavuris balosining oldini olish uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar va fidoiy shifokorlarning saʼy-harakati tufayli koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar navbatma-navbat darddan forigʻ boʻlayotgani barchamizni quvontirmoqda.
Kechagi kunga koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning yana 13 nafari butunlay tuzalishdi. Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sogʻayib chiqishdi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sogʻayganlarni Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa masʼullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi.
Koronavirus infeksiyasi xastaligidan tuzalgan fuqarolarimizning 1 nafari joriy yil 13 mart kuni Istanbul – Toshkent yoʻnalishidagi reysda, yana 1 nafari esa shu yil 18 mart kuni Moskva – Toshkent yoʻnalishidagi reys bilan mamlakatimizga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronivirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda boʻlishgan. Ayni paytda yurtimizda koronavirus infeksiyasidan jami sogʻayganlar 25 nafarga yetdi.
Tabiiyki, ushbu quvonchli voqea zamirida fidoyi va malakali tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi bor. Koronavirus infeksiyasining dunyo boʻylab shiddat bilan tarqalayotgan bir paytda, yurtimiz shifokorlari sarosimiga tushmasdan, oʻz qasamyodlariga sodiq holda pandemiya bilan kurashishdek katta masʼuliyatni zimmalariga olishdi. Bor bilim va tajribasini ishga solgan holda qahramonlarcha koronavirus balosiga qarshi kurashishga kirishdilar va samarali natijalarga ham erishmoqdalar.
Azizlar yurtdoshlar, uyda qoling! Oʻzingizni va oilangizni asrang. Bu bilan yurtimiz odamlarining va butun jahon ahlining sogʻligini avaylagan boʻlasiz, koronavirus infeksiyasi koʻpayishini oldini olishga munosib hissa qoʻshasiz.