Korrupsiya nima? Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi

0
14867
marta koʻrilgan.

 Korrupsiya nima? Ilmiy adabiyotlarda unga quyidagicha taʼrif beriladi: ”Korrupsiya—shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish”.

Korrupsiya atamasi lotincha “orruptio” soʻzidan olingan boʻlib, pora berib sotib olish, buzilish, ishdan chiqish, axloqiy (maʼnaviy) buzilish degan maʼnolarni anglatadi. Odatda mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bogʻliq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

 Jamiyatda korrupsiya oddiy xalq vakillarining yuqori amaldorlarga yoxud davlat amaldorlarining oʻzaro bir-birlariga boʻlgan munosabatidan kelib chiqadi. Ushbu salbiy holatning har qanday koʻrinishi jamiyatni halokat yoqasiga olib borishi muqarrardir.        Korrupsiyaning tarixi antik  davrlarga borib taqaladi. Qadimgi Yunoniston   davlatida oddiy xalq  vakillari oqsoqollarga va turli darajadagi amaldorlarga sovgʻa-salomlar berishgan. Xuddi shunday holatlar qadimgi Misrda ham kuzatilgan: bu yerda erkin dehqonlar, hunarmandlar va hatto harbiy aʼyonlarga nisbatan ham oʻzboshimchalik va zoʻravonlik ishlatgan hamda qonunbuzarliklarni oʻziga kasb qilib olgan amaldorlar  byurokratik apparati yuzaga kelgandi.

 Korrupsiya har qanday davlat va jamiyat rivojiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xavfli omil, barcha mamlakatlarga tahdid soluvchi murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hodisadir. Zero, bu omil tufayli davlatning rivojlanishi sekinlashadi, hukumat tizimi ishdan chiqadi, demokratik institutlarga putur yetadi. U saylov jarayonlariga salbiy taʼsir qilib, qonun ustuvorligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, uning taʼsiri ostida fuqarolarning ijtimoiy adolatga, haqiqatga va davlat organlariga ishonchi yoʻqoladi. Har qanday jamiyat uchun ushbu jinoyatga qarshi kurashish eng dolzarb masalalardan biridir. Bizning davlatimiz korrupsiyaning oldini olish va uning ildizlariga barham berish maqsadida koʻpgina tadbirlarni amalga oshirmoqda. 2003-yil 9-dekabrda BMT ning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolanganligi ham fikrimizning isbotidir.

Respublikamizda ushbu jinoyatga qarshi kurash sohasida maqsadli siyosat olib borilmoqda. Jumladan, ushbu sohada qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat organlarining, jamiyatning ochiqligini taʼminlash, axborotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, korrupsiyaga qarshi kurashish va bu sohada samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish masalalari davlatimiz rahbariyatining diqqat markazidadir.

 Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va prinsiplarini belgilashda bunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash masalasi qatʼiy hisobga olingan. Korrupsiyaga aralashgan, bu jirkanch illatga qoʻl urgan odam uchun ulugʻ narsalar, moʻtabar tuygʻularning qadri yoʻqoladi. Bunday odamlar hayotda hamma narsani sotib olish va sotish mumkin, deb oʻylaydi. Ular iymon-eʼtiqodga ishonmaydi, ayni paytda bunday kimsalarga hayot uchun aziz sanaladigan hech narsani inonib boʻlmaydi. Chunki ular ota-onasi, qarindosh-urugʻlari, yor-u birodarlari, mahalla-koʻyning yuzini yerga qaratishdan, boshini egishdan uyalmaydi. 

Qonunga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi, bu jarayonda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etildi. Hammamiz yaxshi bilamiz, qonun huquqiy munosabatlarni tartibga soladi. Vakolatlar, huquq va majburiyatlarni, amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab beradi.

Agar qonun hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qogʻozdan farqi qolmaydi. Shunday ekan, «korrupsiya haqida qonun qabul qilindi, endi hammasi iziga tushib ketadi», deb oʻylash, xotirjamlikka berilish katta xato boʻladi. Korrupsiya balosidan qutulish, islohotlarni uning changalidan ozod etish haqida hammamiz oʻylashimiz, buning zaruratini har birimiz yuragimizdan oʻtkazishimiz, unga qarshi qatʼiy kurashishimiz kerak. Bu kurash kundalik hayotimizdagi oddiy holatlardan boshlanadi. Shifokordan yaxshiroq maslahat olish, navbatni tezlashtirish, reyting daftarchasiga tuzukroq baho qoʻydirish va shu kabi vaziyatlarda oʻzimizni munosib tutishimiz lozim boʻladi.

Toʻgʻri, hayotda turli holatlar va harakatlarga duch kelamiz. Baʼzida koʻz oʻngimizda qonunlar buziladi, inson huquqi, qadr-qimmati poymol etiladi. Bunday vaziyatlarda chorasizlikdan odamning boshi gangib qoladi. Lekin, unutmaylik, xalqimizda “Kasalni davolagandan koʻra uning oldini olgan afzaldir” degan naql mavjud. Jamiyatimizdagi har qanday jarayonga loqayd munosabatda boʻlmaslik barchamizning ustuvor burchimizdir.

Korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga qarshi kurashishni biz, eng avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz darkor. Buning uchun esa shaxsning huquqiy ong va huquqiy madaniyati yetarli darajada shakllangan boʻlmogʻi maqsadga muvofiqdir.

Alisher MADAMINOV,

«Urganch aeroporti» chegara bojxona posti Bosh inspektori

 

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.