KUNLAR SOVISHI KORONAVIRUS INFEKSIYASINING TARQALISHIGA SABAB BOʻLADIMI?

0
133
marta koʻrilgan.

Mintaqamizga kirib kelgan sovuq havo oqimi pandemiya sharoitida kasallanish xavfini oshirishi yuzasidan mulohazalar paydo boʻlmoqda. Ayni paytda Yevropa davlatlari koronavirus infeksiyasining yangi toʻlqini bilan kurashmoqda.

Turkiyada kafe va restoranlar faoliyati toʻxtatildi, qisman komendantlik rejimi joriy etildi. Xoʻsh, kunlar sovishi bizdagi koronavirus bilan bogʻliq holatga qanday taʼsir qilishi mumkin? Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi SSV huzuridagi koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva murojaat qildi.

— Kunlar sovigan sari surunkali, virusli va yuqumli kasalliklar qoʻzishi bilan koronavirus kasalligining ham mutatsiyasi kuchayib borishi taʼkidlab kelinmoqda. Bir yil oldingi koronavirus ilk bor aniqlangan vaqt ham kuzning oxiri va qish oylariga toʻgʻri kelgan edi. Shundan xulosa qilish mumkinki, havoning nam va sovuq boʻlishi virusning inson organizmiga tushish imkoniyatini kuchaytirib beradi. Sovuq harorat infeksiyaning inson organizmidagi suyuqlik tarkibida koʻproq yashash imkoniyatini beradi.

Yana shuni unitmaslik kerakki, tashqi muhit harorati manfiy darajaga tushishi bilan inson organizmi harorati pasayishi, immun tizimining kuchsizlanishi kuzatilishi mumkin. Organizmning sovuq qotgan toʻqimalari oʻz faoliyatini tiklashi uchun koʻp energiya kerak boʻladi. Inson tanasining oqsillar, uglevodlar, vitaminlar va turli mikroelementlarga ehtiyoji ortadi. Bu esa kasallikka chalinish ehtimolini oshiradi. Shu sababli bu mavsum koʻp kasalliklar qoʻzgʻaladigan davr hisoblanadi.

Organizmda koronavirusdan tashqari boshqa kasalliklar ham mavjud boʻlsa, bu virusni aniqlash va davolashda qiyinchiliklar tugʻdiradi. Koronavirusni bakterial infeksiyalar va bronxial kasalliklardan farqlashda muammolar paydo boʻladi.

Mutaxassis, shuningdek, bunday vaziyatda koronavirusning xavfini kamaytirish boʻyicha tavsiyalarini ham bildirib oʻtdi.

— Bunday sharoitda aholidan oʻz immun tizimini mustahkamlash uchun koʻproq meva va sabzavotlar isteʼmol qilishi, odamlar koʻp toʻplanadigan joylardan iloji boricha saqlanishini soʻrab qolamiz. Tibbiyot niqoblari hozirda kasallikdan himoyalanishda eng samarali vosita boʻlib turibdi. Ularni muntazam taqib yurish talab etiladi. Shamollash alomatlari sezilgan dastlabki kunlardanoq shifokorga murojaat qilish va uni oldini olish choralarini koʻrishni maslahat beramiz. Profilaktika maqsadida koʻproq tomoqni chayib turish, S vitamini bilan toʻyingan mahsulotlar, shuningdek, naʼmatakli, limonli va boshqa giyohli damlamalarni muntazam isteʼmol qilib turishni tavsiya etamiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.