Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Butun musulmon ahli uchun muqaddas ayyom – muborak Ramazon hayitining xalqimiz hayotidagi beqiyos oʻrni, jamiyatimizda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik kabi olijanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi ulkan ahamiyatini inobatga olib hamda milliy-diniy anʼanalarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining 2019 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 5 iyun – chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2019 yil 5 iyun Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF-5574-sonli Farmoniga muvofiq 1 iyun – shanba kuni 6 iyun – payshanba kuniga koʻchirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon hayitining joylarda tartibli hamda xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga munosib tarzda, yuqori darajada oʻtishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 30 may