Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan  140 nafar bemor toʻliq sogʻaydi.

0
97
marta koʻrilgan.

Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan xavotirli vaziyatda odamlarni quvontiradigan, bemorlarga ishonch baxsh etadigan xayrli xabarlar ham bor.

Yurtimizning deyarli barcha hududlarida ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarga malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotgani oʻz samarasini koʻrsata boshladi

Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 16 aprel kuni 20 nafar bemor butkul sogʻaydi. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan boʻlib, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan edi.

Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bir nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sogʻaydi. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sogʻaygan 33 yoshli bemor joriy yil 22 mart kuni charter reys orqali Rossiyadan Xorazmga kelgan va karantinga olingan edi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 2 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 3 nafarga yetdi.

Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan 1 nafar bemor butkul sogʻaydi. U Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa masʼullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sogʻaygan bemor 70 yoshda boʻlib, Toshkent shahrida yashaydi. U muloqot orqali koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. Shunday qilib, ushbu klinikada hozirga qadar darddan forigʻ boʻlganlar 11 nafarga yetdi.

Soʻnggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning ketma-ket darddni yengishayotgani shifokorlarimizni yanada ruhlantirib, matonat bilan kurashishlariga turtki boʻlmoqda.

Ushbu koʻtarinkilik yurtimiz boʻylab koronavirusga chalingan fuqarolarimiz davolanayotgan barcha tibbiyot muassasalaridagi xodimlarning yanada ishonch bilan faoliyat yuritishlariga zamin yaratmoqda.

Buxoro. 17 aprel. Ushbu ijobiy jarayonlarning samarasi oʻlaroq,  Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 11 nafar bemor butkul sogʻaydi. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sogʻayganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan boʻlib, “Sitorai Mohi Xosa” sanatoriysida karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 28 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 39 nafarga yetdi.

Eng muhimi, sogʻliqni saqlash sohasida keyingi yillarda olib borilgan islohotlar, tibbiyot muassasalarida barcha zarur sharoitlarning yaratilgani, malakali kadrlar bilan taʼminlanganligi koronavirus pandemiyasiga qarshi tezkor va samarali kurashishning asosiy omili boʻlmoqda.

Ayni paytgacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasidan  140 nafar bemor toʻliq sogʻaydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabarlari asosida tayyorlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.