Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Akramxon Boboxonov, IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshligʻi Qutbiddinxon Burxonov, IIV Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov hamda vazirlikning boshqa mutasaddilari ishtirokida brifing va OAV vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan birinchi masalaga javob. Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari: Kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish nazarda tutilgan qaror loyihasiga atigi 2 kishi eʼtiroz bildirgan.
Yoʻl harakati qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar, xususan, barcha avtomototransport vositalari uchun kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanish shart qilib qoʻyilgani va bundan koʻzlangan maqsad haqida izoh berildi.
“Havo harorati +35 gradusdan +50 darajagacha boʻladigan BAA va Malayziyada transport vositalari uchun yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish tartibi belgilangan”, – dedi vazir oʻrinbosari Akramxon Boboxonov.
Vazir oʻrinbosari haydovchilarning kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanish talabiga rioya qilmagani uchun belgilanadigan jarimalar miqdorini xorijiy davlatlarniki bilan taqqosladi.
“Shvetsiyada, milliy valyutamizda hisoblasak, 1 mln 51 ming 836 soʻm, Chexiyada 732 ming 220 soʻm, Estoniyada 1 mln 887 ming 510 soʻm, Ruminiyada 574 ming 829 soʻm jarima solinishiga sabab boʻladi”, – dedi Akramxon Boboxonov.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi regulation.gov.uz saytida bir oydan ortiq vaqt davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilgani maʼlum qilindi.
Vazir oʻrinbosarining aytishicha, loyiha bilan jami 571 ta fuqaro tanishgan, faqatgina 2 nafar odam kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish haqidagi moddaga eʼtiroz bildirgan.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari: Kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanish nazarda tutilgan qaror loyihasiga atigi 2 kishi eʼtiroz bildirgan.
Jurnalistlarni qiziqtirgan ikkinchi masalaga javob. IIV mutasaddisi: «Biz bilmaymizku, oynasini ruxsatnomasiz qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuripti»
OAV vakillari “tonirovka”, yaʼni oynalarni qoraytirish uchun Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan jami nechta odamga ruxsatnoma berilgani va davlat gʻaznasiga qancha pul tushgani haqida savol berdi.
“Men hozir statistik maʼlumotlarni olib kelmaganman, – dedi IIV Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov. – Lekin shunisi aniqki, respublika boʻyicha oynalarini qoraytirgan fuqarolarning soni umumiy transport soniga nisbatan hisoblaganda 0,5 foizni ham tashkil qilmaydi”.
Jurnalistlar ruxsatnoma olmasdan “tonirovka” qilganlik uchun jarima miqdorining keskin oshirilishidan maqsad nima ekanini soʻradi.
“Biz bilmaymizku, oynasini ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuripti. Koʻpchilikning maqsadi boshqa boʻlishi mumkin, – dedi Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov. – Qolaversa, “tonirovka” qilish majburiy talab emas, ixtiyoriy. Maqsadimiz – oynalarni qonunga xilof ravishda qoraytirishning oldini olish”.
📎 Maʼlumot uchun: Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 126-moddasiga kiritilgan oʻzgarishga asosan, transport vositalarini tegishli ruxsatnomasiz “tonirovka” qilish (koʻzgusimon yoki qoraytirilgan oynali) uchun jarima eng kam ish haqining yigirma besh baravari miqdorida (5 mln soʻm) belgilandi.
Jurnalistlarni qiziqtirgan uchinchi masalada IIV jarimalar davlat gʻaznasini qoplash uchun oʻylab topilayotganini rad etdi.
Jurnalistlar kunduzi chiroq yoqib harakatlanish oqibatida avtomobillarda yongʻin kelib chiqayotgani haqidagi xabarlar qanchalik asosli ekanini soʻradi.
“Biz bunday holatlarni Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda oʻrganamiz, – dedi IIV Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Erali Bozorov. – Kunduzi chiroq yoqib yurilishi tufayli avtomobillar yonib ketgani haqida bizda birorta holat qayd etilmagan. Bu haqda bizga Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi tomonidan rasmiy maʼlumot berilgan. Menimcha, transport vositasida kelib chiqqan yongʻin sabablarini uning chiroqlariga bogʻlash toʻgʻri boʻlmaydi”.
Xususiy telekanallardan birining muxbiri quyidagicha savol berdi:
“Kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanmaganlarga jarima tayinlandi, – dedi jurnalist. – Umuman, belgilangan tartibga amal qilmaganlik uchun jazo choralari kundan-kunga qatʼiylashib bormayaptimi? Bunday jarimalar davlat gʻaznasini qoplash uchun oʻylab topilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda gap-soʻzlar koʻpaymoqda, fuqarolar noroziligi avj olmoqda. IIV tizimida aholi bilan muloqot, murojaat va arizalar bilan ishlash qanday qoʻlga qoʻyilgan? Kelib tushayotgan shikoyatlar asosan qaysi mavzuda?”
Yoʻl harakati Bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari murojaatlar monitoringi olib borilishi, biroq hozir yonida ularning soni va tasniflanishi boʻyicha aniq statistik maʼlumotlar yoʻqligini bildirdi.
“Shikoyatlar soni oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan kamaygan, – dedi Erali Bozorov. – Buning sababi tizimda kadrlar bilimini oshirishga qaratilayotgan eʼtiborda, deb oʻylayman. Chunki malakasiz va bilimsiz kadrlar tufayli sohadagi muammolar vaqtida yechilmay qolaveradi, bu esa shikoyatlarni keltirib chiqaradi. Jarimalar nega joriy qilinadi? Pul topish uchun emas! Maqsad bitta – haydovchilarning yoʻl harakati qoidalariga amal qilishini taʼminlash, yoʻl-trasport hodisalarining oldini olish.