Margaret Tetcher –dunyo siyosati olamida maʼlumu mashhur. Uinston Cherchilldan keyingi eng mashhur Britaniya Bosh vaziri boʻlib, temir xonim deya nom olgan. Britaniyaning birinchi ayol bosh vaziri Margaret Tetcher ushbu lavozimga uch marta saylangan.
U shunday deydi: – Hech qachon birovning siz haqingizdagi xulosasiga quloq tutmang. Hatto suv ustida yura olganingizda ham. «Qaranglar, u suza olmas ekan» deguvchi odamlar topiladi…
Ushbu hikmat Oʻzbekiston qahramoni Abdulla Oripovning bitta eshakka mingan ota- bola haqidagi sheʼriy rivoyatini eslatadi:
Dastlab ota bola bitta eshakka mingashib yoʻlga chiqishadi. Ularni koʻrgan odamlar kichkina eshakka ikki kishi minib olganiga qarang, deya kulishadi.
Gapdan qochgan ota oʻzi piyoda yurib, oʻgʻlini eshakka mindiradi va yoʻlida davom qilishadi. Qishloqlardan oʻtayotganida yana kulishadi. “Kap-katta odam piyoda-yu, bolani eshakda gerdayib oʻtirishiga qarang”.
Ota yana holatni oʻzgartiradi. Oʻzi eshakda, bola esa piyoda yoʻlini davom qildirishadi. “Oʻzining oʻtirishi-yu, bola bechoraga qarang” deb yana kulishadi.
Darhaqiqat, oʻzgalarning fikri bilan yashash mashaqqat. Turfa feʼlli, turfa fikrlovchi kishilar borligini unitmang. Bu oʻz hayotingiz, oʻz fikringiz, oʻz yoʻlingiz bilan yashang, degan maʼnoni anglatadi…
R. ZARIPOVA