Avval xabar berilganidek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda MIB tizimidagi xodimlarning malakasini oshirish masalasiga toʻxtalib oʻtildi. Maʼlum qilinishicha, tuman yoki boshqa boʻlim rahbarlari belgilangan attestatsiyadan oʻtayotgan vaqtda birinchi boʻlib “Siz qaysi badiiy kitobni oʻqigansiz?” mazmunidagi savol beriladi.
“Agar xodim maʼlum vaqt ichida birorta badiiy kitob oʻqimasa, berilgan savollarga javob bera olmasa, u imtihondan oʻtkazilmaydi, — MIB direktori oʻrinbosari Sodiqjon Berdialiyev. — Boshqatdan tayyorlanishiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, vatanparvarlik ruhida yozilgan xalq ogʻzaki ijodi namunalaridan savollar beramiz. Vatani uchun jon fido qilgan haqiqiy vatanparvar boʻlgan jadidchilar hayotini oʻrganishga majbur qilamiz. Bizga vatanparvar xodimlar kerak. Ulardan vatanparvarlik ruhida ishlashni talab qilamiz”.
Muloqot davomida xodimlarni vatan va xalq dardida yashashga undash uchun olib boriladigan targʻibot ishlari faqat imtihonlar doirasida cheklanib qolmasligi, bu borada boshqa amaliyotlar ham yoʻlga qoʻyilgani taʼkidlandi.
“Oʻzbekistonning istalgan chekkasida joylashgan MIB binosiga kirsangiz, hazrat Alisher Navoiyning quyidagi jumlasiga duch kelasiz:
Kimki bir koʻngli buzuqni xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Kaʼba vayron boʻlsa obod aylagay,
— dedi Berdialiyev. — Nima uchun bu hikmatni biz oʻsha yerga yozib qoʻymoqdamiz. Xodimlarimiz doimiy ravishda xalq bilan ishlaydi. Bizga doim qiynalgan va yordamga muhtoj insonlar keladi. Ularning dardini eshitib yordam koʻrsatsak, shunchalik katta savobga ega chiqamiz”.