Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Unda MIB faoliyatini takomillashtirish, asossiz qarzdorlik toʻlovlarini undirish kabi holatlar, sohadagi mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Muloqot davomida MIB tomonidan oʻtgan 2 yil davomida 54,5 trln soʻm pul qarzdor isteʼmolchilardan undirib olingani maʼlum qilindi. Shundan 26,7 trln soʻm — elektr energiya, 26,2 trln soʻm — tabiiy gaz, 1,5 trln soʻm — suv va 90 mlrd soʻm — maishiy chiqindidan qarzi boʻlgan shaxslardan yigʻib olingan. Undiruv avvalgiga nisbatan 168 foizga koʻpaygan.
MIB direktori oʻrinbosari Sodiqjon Berdialiyevning aytishicha, sud qarorlarining soʻzsiz ijrosini taʼminlash borasida 30,6 trln soʻmga yaqin undiruv amalga oshirilgan.
Shuningdek, Byuro organlari tomonidan faoliyatini boshlagandan hozirga qadar 1 trln 342 mlrd soʻm noreal qarzdorlik boʻyicha 243 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
“Byuro xodimlariga nisbatan qarshilik holatlari ham boʻlib turibdi, — dedi Sodiqjon Berdialiyev. — Oʻtgan davrda 319 marta qarshilik holatlari boʻlib, ular boʻyicha 130 ta jinoyat ishi ochilgan va 105 ta maʼmuriy ish boʻyicha javobgarlik koʻrilgan. Mana shunday qarshiliklar koʻrsatish jarayonida MIBning 4 nafar xodimi vafot etgan”.