Avval xabar berilganidek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
OAV vakillari bilan muloqot davomida tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishida reklamaning oʻrni muhimligi, u ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi asosiy bogʻlovchi vosita ekani qayd etildi.
Qoʻmita vakillari tomonidan tayyorlangan taqdimot orqali tashqi reklama tushunchasiga sharh berib oʻtildi. Taʼkidlanishicha, «Reklama toʻgʻrisida»gi qonunga koʻra, alohida maxsus konstruksiyalarda, taxtalavhalarda, ekranlarda, binolarda, inshootlarda, yoʻl chekkalarida, koʻcha yoritgichlarining tayanchlari va hokazolarda joylashtiriladigan reklama — tashqi reklama sanaladi.
Jurnalistlar bilan savol-javoblar vaqtida mavzu reklamadan qoʻmita vakolatidagi masalalarga koʻchdi. Muxbirlardan biri “Oʻzbekiston havo yoʻllari” monopol tashkilot ekani yoki emasligi haqidagi savolga oydinlik kiritilishini soʻradi. Qoʻmita raisi oʻrinbosari Bekzod Ummatov quyidagicha javob qaytardi:
“Biz aynan shu mavzuda maqola tayyorlab qoʻygan edik, hozir qisqacha izoh berishga harakat qilaman, — dedi Ummatov. — Monopolist degan tushunchani aniq belgilab beradigan mezonlar bor. Agar biror korxona yoki tuzilmaning bozordagi ulushi 50 foizdan koʻp boʻlsa, u monopolist hisoblanadi. Bugungi kunda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasining ulushi 50 foizdan koʻp va oʻz-oʻzidan ayonki, u monopoliya subyekti sanaladi”.
Repost.uz muxbiri: “Qonun chiqaruvchi organ kelgusida Oʻzbekistonda monopoliya bilan shugʻullanadigan tashkilotlar kamayishi haqida aytib oʻtgan edi. Lekin hozircha ular kamaygani yoʻq. Yaqin kelajakda ularning sonini qisqartirish boʻyicha qanday ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan?” — degan savol bilan murojaat qildi.
“Siz nimaga asoslanib ularning soni kamaymagan deb hisoblaysiz? — deya savolga savol bilan javob yoʻlladi Bekzod Ummatov. — Agar siz aytayotgan gap “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, GM Uzbekistan yoki “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksionerlik jamiyatiga talluqli boʻlsa, unda toʻgʻri. Lekin umuman, iqtisodiyotdagi raqobat muhiti xususida toʻxtaladigan boʻlsak, vaziyatga faqat shu tashkilotlardan kelib chiqib baho berish unchalik toʻgʻri emas”.