Hukumat qarori (322-son, 09.06.2022 y.) bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda oʻqishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Oʻqishga kirish maqsadida tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
– oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;
– tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi;
– oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
– Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.
Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi.
Kirish imtihonlari yakuniga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ballni toʻplagan tavsiyanomaga ega xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.