Nega mavsumiy foydalaniladigan issiqlik tizimi uchun yil davomida haq toʻlanadi?

0
271
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mamlakatimizning dolzarb muammolariga bagʻishlangan  matbuot anjumani muntazam oʻtkazilmoqda. Ana shunday anʼanaviy tadbirlardan biri — “Hududlarda uy-joy kommunal soha infratuzilmasini rivojlantirish muammolari” mavzusiga bagʻishlandi.

Unda Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Muzaffar Soliyev, vazir oʻrinbosarlari Nazirjon Nazirov, Gʻofir Jamolov, Tohir Haydarov va vazirlikning boshqa mutasaddilari ishtirok etdi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini yaxshilash uchun davlat byudjeti hisobidan 926,4 mlrd soʻm va xorijiy investitsiyalar hisobidan 95 mln dollar miqdorida mablagʻlar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Davlat Investitsiya dasturi boʻyicha hududlardagi 328 ta qishloq aholi punktida ichimlik suv taʼminoti yaxshilanadi.

Respublikada ichimlik suv manbasi mavjud boʻlmagan 1700 ta olis aholi punktiga va 1100 dan ortiq ijtimoiy muassasa obyektiga jami 2000 ga yaqin maxsus texnika orqali toza ichimlik suvi tashib berilayotgani maʼlum qilindi.

Jurnalistlar aholi mavsumiy foydalaniladigan issiqlik tizimi uchun nega yil boʻyi pul toʻlashi lozimligi haqida savol berdi.

“Respublika boʻyicha mavjud 34 500 ta koʻp qavatli uyning 60 foizi markazlashgan issiqlik tizimi loyihasi boʻyicha isitiladi, — dedi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Muzaffar Soliyev. — Bu eski loyiha boʻyicha qilingani va ochiq tizimda ishlagani bois juda katta elektr energiyasi va toza ichimlik suvini talab etadi. Yaʼni, sovuq suvni olib, gazni xarid qilib, issiq suvni yetkazib berish katta xarajat talab qiladi. Agar bu xarajat uch oyga boʻlinadigan boʻlsa, aholiga ogʻirlik qiladi. Shuning uchun bu summani 12 oyga boʻlamiz. Yilning qolgan 9 oyida esa issiq suv ishlab chiqaramiz”.

Vazir oʻrinbosari Nazirjon Nazirovning aytishicha, respublika boʻyicha 34 mingta koʻp qavatli uyga 4500 dan ortiq shirkat xizmat koʻrsatyapti. Har bir uy xatlovdan oʻtkazilgan va ularning 20 mingdan ortigʻi taʼmirga muhtoj, 450 dan ortiq avariya holatidagi uylardir.

“Tasdiqlangan Dasturga koʻra, 2021 yilgacha mahalliy, respublika byudjeti va bank kreditlari asosida Oʻzbekistondagi koʻp qavatli uylarning barchasini toʻliq taʼmirlanadi, — deya taʼkidladi Nazirjon Nazirov. — Shu maqsadda tijorat banklaridan 1 trln 260 mlrd soʻmlik mablagʻ jalb qilingan. Bu mablagʻlar xalqdan tushayotgan pul bilan qoplanishi kerak. Ammo bugungi kunda 150 mlrd soʻmlik muammoli kreditlar paydo boʻlgan. Majburiy toʻlovlarni undirish masalasi ayniqsa, Toshkent shahrida yaxshi ketmayapti”.

Mutasaddilar ichimlik suvi tashib yetkaziladigan eng koʻp aholi punktlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro viloyatlarida joylashganini bildirdi. 

“Ichimlik suvi boʻyicha eng ogʻir ahvol Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida, — dedi vazir oʻrinbosari Tohir Haydarov. — Bu yerda Prezidentimizning viloyatga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar asosida maxsus loyiha amalga oshirilmoqda”.

Loyiha asosida tumanga 77 km uzunlikdagi suv quvurlari olib kelinmoqda va  bu orqali hududda 16 ta suv tarqatish markazi quriladi. Natijada aholining 76 foizi ichimlik suvi bilan toʻliq taʼminlanadi.

Qayd etilishicha, yana shunday joylar joylar borki, ichimlik manbasi bor, ammo ichishga yaroqsiz. Masalan Buxoro viloyatida. Ularga suvni chuchuklashtiruvchi uskanalar yordamida aholiga isteʼmolga yaroqli suv yetkazib berilmoqda. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.