Oʻz A tomonidan uyushtirilgan “Bir savolga bir javob” loyihasining mehmoni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan suhbat.
– Namangan viloyatida ishsizlik koʻrsatkichi ancha yuqori. Bu borada viloyatda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Barchamizga maʼlumki, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar aholi, ayniqsa, yoshlar, kam taʼminlangan oilalarning bandligini taʼminlash, yangi sanoat korxonalar qurilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sohasini kengaytirish hisobiga yangi doimiy ish oʻrinlarini tashkil etish va shu asosda aholi turmush farovonligi va sifatini oshirishga qaratilmoqda.
Muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan aholi bandligini taʼminlash va turmush darajasini yaxshilash boʻyicha qabul qilgan koʻplab farmon va qarorlarining ijro etilishi bugungi kunda joylarda ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganligini koʻrsatmoqda. Ayniqsa, viloyatlarga tashriflari chogʻida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dastur loyihalarini amalga oshirilishi ishsizlik muammosini bartaraf etishda asosiy omil boʻlmoqda.
Viloyatimizda mehnatga layoqatli aholi soni 1561,9 ming kishini, band aholi soni 1057,3 ming kishini, shundan doimiy ishga ega boʻlmagan fuqarolar soni 108,2 ming kishini yoki ishsizlik darajasi 9,3% ni tashkil etmoqda. Ushbu koʻrsatkich, amalga oshirilgan ishlar natijasida 2018 yil boshiga nisbatan 0,8% ga kamayishiga erishilgan. Ishsizlarning 54,2 ming nafari (50,1%) ayollar, 59,5 ming nafarini (55,0%) yoshlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida viloyatda 2018 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda aholi bandligiga koʻmaklashish Davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 3 fevraldagi PQ–3506-son qarori asosida barcha yoʻnalishlarda 22506 ta (rejaga nisbatan 105,5%), Yurtboshimizning 2018 yil 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashriflari doirasida qabul qilingan dasturga asosan 48782 ta (rejaga nisbatan 110,1%) ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila-tadbirkor” va “Yoshlar kelajagimiz” dasturlarini qabul qilinishi minglab qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish imkonini bermoqda.
Xususan, “Har bir oila tadbirkor” dasturi boʻyicha kreditlar va taʼminotchi korxonalari paviloni tashkil etilib, 9839 nafar fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 116 milliard soʻm, “Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 164 ta tadbirkorlik subyektlariga 40,6 milliard.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 oktyabrdagi “Kam taʼminlangan oilalarni bandlik bilan taʼminlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 857-sonli qaroriga asosan 7,1 milliard soʻm mikrokreditlar ajratilishi hisobiga 863 nafar kam taʼminlangan fuqarolarning bandligi taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3680 qaroriga asosan 252 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 10,2 milliard.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.
Bundan tashqari, Bandlik organlari tomonidan 25343 nafar ishsizlarni xalq xoʻjaligining turli tarmoqlariga ishga joylashtirildi. Oʻz navbatida, 2017-2018 oʻquv yilida 34904 nafar yoshlar kasb-hunar kollejlarini tamomlab, hozirda ulardan 26987 nafari ish bilan taʼminlandi.
Mehnat bozoridagi vaziyatdan kelib chiqqan holda, 2019 yil davomida viloyatda ishsizlik muammosini bartaraf etish boʻyicha ijobiy oʻzgarishlarga erishilishi kutilmoqda. Jumladan,
1. 2019 yilda jami 28 858 ta ish oʻrinlari yaratish Dasturi ishlab chiqildi, shu jumladan Yirik loyihalarda 3345 ta, Kichik loyihalarda 5 855 ta, Faoliyat koʻrsatmayotgan, samarasiz foydalanilayotgan binolar va qurilishi tugallanmagan obyektlar negizida 757 ta, Ijtimoiy va boshqa obyektlar hisobiga 500 ta, Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi obyektlar hisobiga 915 ta, Hunarmandchilikni rivojlantirishda 2645 ta va tijorat banklarining kredit mablagʻlari hisobiga 14841 ta ish oʻrinlari tashkil etiladi.
2. Namangan viloyatida 2019-2020 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 12 trillion. 858 milliard 918 million.soʻmlik 1476 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida 34198 ta ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
3. Muhtaram Yurtboshimizning olib borayotgan islohotlari natijasida xorijiy davlatlarning investitsiyalarini keng jalb qilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Xususan, 2019 yilda umumiy qiymati 200 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Buning natijasida 3 mingdan ziyod ish oʻrinlari yaratilib, aholining bandligi taʼminlanishiga erishiladi.