2022 yilning 14 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 595-sonli qarori qabul qilindi. Qaror 15 oktyabrdan kuchga kirdi.
Mazkur qaror bilan «Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari» va «Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisida»gi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Shuningdek, bu hujjat bilan davlat organlari va joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlariga 2022 yil 25 oktyabrga qadar amalga oshirishi kerak boʻlgan topshiriqlar ham belgilandi:
a) yuqorida tasdiqlangan odob-axloq qoidalari asosida markaziy apparat, hududiy va tarkibiy boʻlinmalar xodimlari uchun majburiy boʻlgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalarini; ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizom asosida Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini tasdiqlash;
b) Ichki mehnat tartibi qoidalarini va boshqa idoraviy hujjatlarini ushbu qarorga, shuningdek, yangi tasdiqlangan namunaviy nizomlarga muvofiqlashtirish;
v) 2022 yil 1 noyabrga qadar ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga axborot berish yuklatilmoqda.
Qarorda Odob-axloq qoidalarini buzgan xizmatchilarga intizomiy va boshqa turdagi javobgarlik choralari koʻrilishi mumkinligi koʻzda tutilmoqda.
Misol sifatida, namunaviy Odob-axloq qoidalarining 3-bandidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rioya qilishi shart boʻlgan qoidalardan ikkitasini keltirib oʻtamiz:
“Hushmuomalalik, eʼtiborlilik va xushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat xissini uygʻotish”;
“Oilasida sogʻlom muhitni taʼminlab, oila aʼzolariga doimiy gʻamxoʻr boʻlish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish”.
Ushbu belgilangan koidalardan shuni tushunish mumkin-ki, haqoratli soʻzlar ishlatadigan, odobsiz hamda oʻzini xon kabi tutadigan hokim-u amaldorlarga davlat ishida oʻrin boʻlmaydi.
Shuni ham taʼkidlash kerakki, davlat fuqarolik xizmatida ishlamoqchimisiz, oilaviy muhitingizni ham toʻgʻrilab qoʻyishingiz kerak boʻladi. Oila aʼzolariga gʻamxoʻr boʻlmagan, bolalarini bir chetga tashlab qoʻyadigan yoki farzandlarini axloqsiz qilib tarbiyalayotganlar ham davlat fuqarolik sohasida ishlay olmaydi.
GUJUM. UZ