Oila baxti va osoyishtaligini asrashning asosiy kalit soʻzlari mavjudligini zamonaviy ruhiyatshunos olimlar mulozamatda deya taʼriflashadi.
Albatta, ushbu oilaviy mulozamatlar qadimiy qadriyatlarimizga ham monand. Ular hatti-harakat va amallariningizda ham oʻz ifodasini topsa yanada maqsadga muvofiq. Zero, yurtimizda yaratilgan dunyodagi eng qadimiy kitob «Avesto»dagi ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal shiori bejiz emas.
Men seni sevaman. Baxtli oilalar ushbu soʻzlarni takrorlash uchun fursat kutmaydilar. Ushbu soʻzlarni necha marta takrorlaganini ham hisobiga yetmaydilar.
Rahmat. Tez-tez minnatdorchilik bildirib turish yaxshi tarbiyaning belgisidir. Bir-birlarini juda qadrlovchi insonlar ushbu soʻzlarni muntazam ishlatishi maqsadga muvofiq. . Ushbu yoqimli «kichik mulozamat» kundan-kunga koʻpayib boradi va oila osoyishtaligini taʼminlaydi.
Meni kechiring. Koʻpincha bu soʻzlar nizolarni tugatish niyatida aytiladi. Albatta, kamchiliksiz inson yoʻq. Bellashavermasdan uzr soʻrab, izn berishni ham biling.
Men siz bilan juda omadliman. Baxtli munosabatlardagi insonlar bir-birlari bilan yonma yon yashash, qoʻllab-quvvatlash qanchalik baxt ekanligini tushunishadi va buni bir-birining ruhiyatiga singdirishadi.
Oʻzingizni asrang soʻzi ham mehribonlik, gʻamxoʻrlik belgisi! Baxtli juftliklar bir-birlarining sogʻligi haqida qaygʻuradilar va jufti haloli baxtli, sogʻlom va xavfsiz boʻlishi uchun doimo tayyor turadilar. Buni his qilish oilaviy munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.
Har bir oila kichik bir davlat. Oʻz jamiyatingizni, davlatingizni asrang! Xalqimiz davlat soʻzini boylik maʼnosida ham ishlatadi. Oilaviy osoyishtalik, tinchlik, ahillik -boylik, Demak, u davlat! Azizlarim, kichik va katta davlatimiz mustahkam boʻlishini tilab qolamiz.
R. ZARIPOVA