Senatorlar bilan oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlanganlarni ishonchli himoya qilishga qaratilgan muhim Qonunni maʼqulladik. Oila va xotin – qizlarni qoʻllab quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun maʼqullanganligi @tanzilanarbayeva telegramm kanalida taʼkidlanadi.
Tajriba shuni koʻrsatyaptiki, deyiladi xabarda, oilaviy (maishiy) zoʻravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxs (ayol)ga yarashish uchun yarim yillab muhlat berilishi ularni yana shuncha vaqt zoʻravonlikdan jabr koʻrishiga sabab boʻlmoqda.
Afsuski, ayrim holatlarda bu ogʻir oqibatlarga ham olib kelmoqda. Shu bois endi sud oilaviy zoʻravonlik boʻyicha daʼvolarni koʻrib chiqayotganda muddatsiz, zudlik bilan qaror chiqarishi belgilanmoqda.
Shuningdek, ajrim oqibatida ayollarimiz turarjoy muammosiga duch kelayotganligini inobatga olib, mutanosib sharoitlarga ega boʻlgan boshqa turarjoy bilan taʼminlash yoki ijara haqini toʻlash majburiyatini mulkdorning (yaʼni asosan erning) zimmasiga yuklatish normasi kiritilmoqda.
Mazkur Qonun xotin-qizlarni zoʻravonlik holatlaridan himoya qilishga oid ishlarimizning mantiqiy davomidir. Qonunning amalda tizimli ishlashi uchun jamoatchilikning faolligiga tayanamiz.
gujum.uz