Ona sutining farzand salomatligida hamda emizishning ona vujudida tutgan oʻrni

0
278
marta koʻrilgan.

Chaqaloqning har tomonlama sogʻlom va durkun boʻlib oʻsib — ulgʻayishida ona suti bilan oziqlantirishning ahamiyati beqiyos.  Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh neonatologi, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVA bilan ushbu mavzuda suhbat.

– Ona sutining farzand salomatligida tutgan oʻrnini qanday izohlaysiz?

– Ona suti bolaning sogʻlom va barkamol boʻlib rivojlanishi uchun muhim ozuqadir. Uning tarkibida yuzdan ziyod foydali mikroelementlar bor. Ular bolaning toʻyib oziqlanishi uchun yetarli, hatto suv oʻrnini bosadi. Qolaversa, ona suti immunoglobulinga boy boʻlib, immunitetni mustahkamlaydi, chaqaloqni turli infeksiyalardan himoyalaydi, onadan bolaga immunitet oʻtishini taʼminlaydi.

Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino ona sutining beqiyos foydali jihatlarini inobatga olib, uni quyosh nuriga qiyoslaydi. Zamonaviy tibbiyotda ham ona sutining shifobaxsh xususiyatlari alohida eʼtirof etiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti chaqaloqlarni ona suti bilan boqish boʻyicha 10 qadam tamoyilini targʻib etib kelmoqda. Jumladan, mamlakatimiz ham ushbu tashabbusga qoʻshilib, bu borada targʻibot-tashviqot ishlari olib bormoqda.

– Emizish davrining muvaffaqiyatli oʻtishi uchun qanday qoidalarga amal qilish kerak?

– Birinchidan, bola tugʻilishi bilan ilk yarim soat ichida bolani emizish kerak. Tugʻruq majmualarida bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Ona-bola uyiga qaytgach, bolani koʻkrak suti bilan oziqlantirish jarayonini kuzatish, bu borada onaga maslahat va tavsiyalar berib borish patronaj hamshiralar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Buning uchun siz, patronaj hamshiralar va onalar quyidagi muhim qoidalarni bilishingiz shart:  chaqaloqni soatga qarab emas, goʻdak talabi qarab (tez-tez) emizish kerak; yangi tugʻilgan chaqaloqlarni 3-3,5 soat oraliqda oziqlantirishni amalga oshirish ham maqsadga muvofiq emas. Chaqaloqning oshqozon hajmi tez-tez va kam miqdorda ozuqa qabul qilishga moslashgan, bir vaqtning oʻzida 150-200 ml. sutni qabul qilishi fiziologik toʻgʻri kelmaydi. Shuning uchun yangi tugʻilgan chaqaloq birinchi oylarda koʻkrakni tez-tez, kecha-kunduz davomida 10-15 martagacha talab qiladi;  ona va bola doimo birga boʻlishi lozim. Ona taftini his qilib uxlash bola ruhiyati uchun juda foydali. Bu ona suti yaxshi ishlab chiqilishiga ham katta yordam boʻladi. Emizish paytida, bir-biriga yaqin ikkita inson oʻrtasida emotsional aloqa oʻrnatiladi, bu goʻdakka himoyalanganlik, qulaylik va xotirjamlik hissini baxsh etadi. Agar bola haftasiga taxminan 150 gramm vazn yigʻayotgan boʻlsa, bu uning koʻkrakni meʼyorida emayotganini bildiradi.

— Bolani emizish ona sogʻligʻida qanday ahamiyatga ega?

— Bolani emizishning ona sogʻligʻi uchun ahamiyati katta. Avvalo, ketma-ket homiladorlikning oldi olinadi. Onaning koʻkrak va bachadon saratoni, artrit va yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli kamayadi, shuningdek, emizikli ona ortiqcha vaznini tez yoʻqotadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining taʼkidlashicha, koʻkrak sutining yoʻqligi yoki uning yetishmasligi shunchaki bolani koʻkrakka notoʻgʻri tutish va muntazam emizmaslik oqibati, xolos. Laktatsiyasiz, yaʼni sut kelmaydigan onalar boʻlmaydi (95 foiz ayollarda koʻkrak suti meʼyorda ishlab chiqiladi).

Ayolning ruhiy ahvoli yaxshi boʻlsa, oilada sogʻlom muhit oʻrnatilsa, ona suti kelishida muammolar boʻlmaydi, aksincha, turli stress, charchoq onada sut hosil boʻlishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.