Ota-ona boʻlish oson, lekin yaxshi ota-ona boʻlish qiyin

0
463
marta koʻrilgan.

Ota-ona boʻlish oson, lekin yaxshi ota-ona boʻlish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda bolasiga zulm qilayotgan ota-onalar haqida tez-tez uchratib turamiz. Hech kim oʻz bolasini yomon boʻlsin demaydi. Faqat tarbiya usullariga kelganda noʻnoqlik qiladi. Quyidagi kichik maslahatlar yaxshi ota-ona boʻlish sari yetaklaydi.

ASABIYLASHMANG. Siz qanchalik muloyim va sokin boʻlsangiz, bolangiz ham shunchalik osuda boʻlib oʻsadi. Zero, jahl chiqqanda, aql qochadi, deyiladi donishmand xalqimiz maqollarida.

ALDAMANG. «Bogʻchaga yigʻlamasdan borsang, parkka olib boraman!», dedingizmi, olib boring yoki unday vaʼda bermang. Bolaga berilgan vaʼdani bajarish juda muhim. Shunda u sizga ishonadi va talablaringizni oson bajaradi.

URMANG. Bolani urishdan yomoni yoʻq. Xalqimiz bolani ursang eti qotadi, deydi. Bu shunga oʻrganib qoladi, jahldor va oʻjar boʻladi degani. Urmay turib ota-ona oʻz gapini oʻtkazishi mumkin. Urish darajasiga bordingizmi, demak aybni oʻzingizdan axtaring.

MAN QILISHDA HAM CHEGARA MAVJUD. «U mumkin emas, bu mumkin emas», «Uni qilma, buni qilma», kabi gaplarni eshitavergan bola bora-bora beti qotib, bu gaplarga eʼtiborsiz boʻlib qoladi. Avvalo, haqiqatdan mumkin boʻlmagan narsalar bilan sizga shunchaki noqulaylik keltiruvchi narsalarni ajratib oling. Masalan, mashina yoʻlga chiqish, birovni narsasini oʻgʻirlab kelish haqiqatdan maʼn qilinishi shart boʻlgan narsa. Qumda yangi kiyimda oʻynashi, hovlida oyoq yalang yurishni xush koʻrishi va loy changi bilan uyga  kirib kelishi esa bu shunchaki sizga noqulaylik va tashvish keltiruvchi narsa. Haqiqatdan mumkin boʻlmagan narsalarga yoʻl qoʻymang. Sizga noqulaylik keltiradigan narsalarga esa man qilishni toʻxtating.

OʻRNAK BOʻLING. Oʻzingiz soʻkib gapira  turib bolangizga «Soʻkinma!» deya olmaysiz. Xuddi shunday kuni bilan televizor koʻrsangiz, telefon oʻynasangiz, bola ham dars qilmay televizor oldidan keta olmaganiga, telefon oʻynayotganiga hayron boʻlmang. Oʻzgarishni oʻzingizdan boshlang.

AYBINGIZNI TAN OLISHNI BILING. Biron ishda xato qilib qoʻysangiz bolangiz oldida uni tan olishga odatlaning. Bundan bola xato qilishdan qoʻrqib yashamay, xatoni qanday qilib takrorlamaslikni oʻrganadi. “Orlanib soʻramagan oʻziga zolim”, deydi xalqimiz.

BOLANI ERKA QILISHDAN QOʻRQMANG. Yetti yoshgacha erka boʻlgan bola hayotda katta yutuqlarga erishadi. Faqat erkaligi yangi oʻyinchoqlar bilan emas, sizning mehringiz bilan qoplansin. Ota-bobolarimiz bejizga “etti yoshgacha bolaga podshohga qaragandek muomala qil” deyishmagan.

KEChIRIM SOʻRASHNI BILING. Har qanday kishi xato qilishi mumkin. Jumladan, siz ham nohaq boʻlishingiz mumkin. Boladan kechirim soʻrashdan qoʻrqmang. Shunda u mehrliroq va sabrliroq boʻlishni oʻrganadi.

QUCHOQLANG! Bolani koʻproq quchoqlab oʻpishga, ezgu soʻzlar bilan erkalashga odatlaning. Ayniqsa  yaxshi ishlar qilganida maqtang. Bolaning ruhiyatini koʻtaradi. Ezgulikni anglab boradi.

SABRLI BOʻLING. Bolaga nisbatan ota-onaning jahli chiqishining eng asosiy sababi sabrsizlikdir. Bolaning qiliqlariga, ishiga, oʻqishiga, yurish-turishiga ozgina sabr bilan yondashsangiz, u sizni faqat suyuntirayotganini his qilasiz.

Xullas, yaxshi ota-ona boʻlish uchun “ichki immunitet” shakllanishi lozim. Ayniqsa qachon erkalash kerak-u, qachon tartibga chaqirish kerakligini obdon oʻrganib olish va sabr-toqatli boʻlish talab qilinadi.

Raʼno ZARIPOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.