”Oʻz huquqingizni bilasizmi?“ tanlovi yakunlandi!

0
1038
marta koʻrilgan.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali 1-bosqich talabalari, egizaklar Elyor Palvanov va Gulyor Palvanova birinchi darajali diplom bilan taqdirlanishdi. Gulyor kurs sardori, Elyor esa filialdagi kompyuter injinirig fakulteti yoshlar ittifoqining yetakchisidir. Shu bilan birga bu yoshlar  GUJUM. UZ saytining jamoatchi muxbirlari boʻlib, oʻz oʻquv dargohi va viloyatidagi yangiliklardan  yozib turishadi.

Azizbek Burhon oʻgʻli Adhamov esa Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 20- maktabning 11-sinf oʻquvchisi, u ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. U oʻz tumanidagi “Faol yoshlar maktabi” tanlovi gʻoliblaridan biri. Maktabda press klub sardori. Kelajakda maktab hayotidan hikoya qiluvchi maqolalari bilan saytimizda ham  qatnashib turadi, deb umid qilamiz.

Muminova Nilufar Nozim qizi Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 182 – maktabning 10- sinf oʻquvchisi boʻlib aʼlo va yaxshi baholarga oʻqimoqda. U uchinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Gʻolib yoshlarga kitoblar toʻplami armugʻon etildi. Oilaviy tanlov boʻlgani uchun ularga hamisha koʻmakdosh boʻlgan onasi yoki buvisi ham ragʻbatlantirildi. Gʻoliblar bilan hamkorligimiz davom etadi, deb ishonch bildiramiz.

Tanlovda berilgan savollarga javoblar.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida savollarga javoblar.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi deganda nimani tushinasiz?

Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan asosiy Qobusnomadir. Bugun jamiyatimizda qanday yutuq va marralarga erishayotgan boʻlsak, bularning poydevorida Konstitutsiyamiz– buyuk hayot qomusimiz turibdi. Konstitutsiyamiz suveren davlatimizning qonunchilik-huquqiy negizini shakllantirishning, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning asosiy poydevori va mustaqil milliy davlatchiligimizning tamal toshi boʻldi. U inson manfaatlari uchun xizmat qilayotgan oliy hujjat vazifasini bajarmoqda. Asosiy qonunimiz xalqimizning irodasini, ruhiyatini ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettirgani tufayli uni davlatimiz ramzi desak boʻladi.

  1. Konstitutsiyamizning qaysi moddasida davlatimiz ramzlari belgilangan?

Uning 5-moddasida shunday deyiladi: Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan tasdiqlangan oʻz davlat ramzlari-bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega”. Bayrogʻi, gerbi, madhiyasi kabi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ham davlatimiz, millatimiz, xalqimiz va yurtimizning buguni va kelajagining koʻzgusi, timsolidir.

  1. Farzandlarimizga daxldor taʼlim siyosati haqida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan huquqiy normalar?

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida shunday deyiladi: “Har kim bilim olish huquqiga ega Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”. Darhaqiqat, Mustaqil Oʻzbekistonimizning Konstitutsiyasi nafaqat mustaqil demokratik taraqqiyotimizni kafolatlovchi, balki ijtimoiy hayotimizda sodir boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlarni oʻzida aks ettiruvchi asosiy huquqiy hujjat hamdir. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunidan-oq, taʼlim tizimiga alohida eʼtibor berila boshlandi. Yurtimizda amalga oshirilgan katta islohotlarning bir qirrasi taʼlim siyosatida oʻz ifodasini topgan desak xato boʻlmaydi. Taʼlim-tarbiya masalasi, ularga daxldor islohotlar bosqichma bosqich amalga oshirildi. Avvalo, huquqiy hujjatlar qabul qilindi.«Taʼlim toʻgʻrisida»gi Qonun, «Kadrlar tayyorlash» hamda «Sogʻlom avlod» Davlat dasturlarida tarbiyani yuksak darajaga yetkazish yoʻl-yoʻriqlari aniq ifodalab berildi. Respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha 2009-2014 yillarga moʻljallangan davlat dasturi ishlab chiqildi.

  1. Konstitutsiyamizning qaysi moddasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning huquqiy normalari belgilangan?

Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 45-moddasida shunday deyiladi: Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolgʻiz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.

  1. Gender deganda nimani tushinasiz? Unga daxldor masala Konstitutsiyaning qaysi moddasida belgilangan?

Gender deganda jamiyatda va oilada barcha erkaku ayollarning barcha sohada tengligi tushiniladi. Baʼzibir davlatlarda erkak-u ayollar bir xil vazifada ishlab bir xil ishni bajarishsa-da, maoshi teng emas. Erkaklarga koʻproq toʻlanadi. Baʼzi mamlakatlarda ayollar saylash va saylanish huquqiga ega emas. Mamlakatimizda erkak-u ayollarning manfaatlari bir xil himoya qilinadi. Asosiy Qonunning 46-moddasida «Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar» deb belgilab qoʻyilgan.

  1. Konstitutsiyaning qaysi bobi oilaga bagʻishlanadi? Unda qanday huquqiy normalar belgilangan?

Asosiy qonunimizning 14 bobi oilaga bagʻishlanadi. U toʻrt moddadan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi  Qonuni asosida savollarga javoblar.

 1. Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi qonunning qaysi moddasida va qay tartibda belgilangan?

14-modda. Nuqsonli tovarni almashtirib berish tartibi

Isteʼmolchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirish zarur boʻlganida esa, isteʼmolchi talab qoʻygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.

2. Isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish qanday tartibda amalga oshiriladi?

17-modda. Isteʼmolchiga nuqsonli tovar sotilgan taqdirda u bilan hisob-kitob qilish

Nuqsonli tovar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilgan vaqtda tovarning narxi oʻzgargan boʻlsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.

Nuqsonli tovar boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi uning oʻrniga berilayotgan tovar narxidan past boʻlsa, isteʼmolchi narxlardagi farqni qoʻshimcha ravishda toʻlashi lozim, almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi uning oʻrniga berilayotgan tovar narxidan yuqori boʻlsa, isteʼmolchiga narxlardagi farq qaytariladi. Bunday hisob-kitob chogʻida almashtirilishi kerak boʻlgan tovar narxi oshgan taqdirda, uning talab qoʻyilgan paytdagi narxi, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi narxi qoʻllaniladi.

Shartnoma bekor qilinayotganda tovar narxi oshgan boʻlsa, isteʼmolchi bilan hisob-kitob tovarning tegishli talab qoʻyilgan paytdagi qiymatiga qarab, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi qiymatiga qarab amalga oshiriladi.

Tovar isteʼmolchilarga kreditga sotilgan boʻlsa, shartnoma bekor qilingan taqdirda, pul summasi tovar qaytarilayotgan paytga qadar uzilgan kredit miqdorida qaytarib beriladi, shuningdek, kredit berganlik haqi toʻlanadi.

Hajmi katta yoki vazni besh kilogrammdan ziyod tovarni taʼmirlash, narxini tushirish, almashtirish uchun eltish va isteʼmolchiga qaytarib keltirib berish sotuvchining (ishlab chiqaruvchining) kuchi bilan va uning hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu majburiyat bajarilmagan taqdirda tovarni eltish va qaytarib olib kelish isteʼmolchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin Bunda isteʼmolchining tovarni eltish va qaytarib olib ketish bilan bogʻliq xarajatlarini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) qoplashi shart.

3. Isteʼmolchi maqbul nooziq-ovqat tovarni xarid qilgan kunidan eʼtiboran necha kun ichida almashtirib olish yoki pulini qaytarib olish huquqiga ega?

18-modda. Isteʼmolchining maqbul sifatli tovarni almashtirib olish huquqi

Isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran oʻn kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqli.

Almashtirib olish tartibi va almashtirib berilmaydigan tovarlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydigan qoidalar bilan belgilanadi.

4. Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash qaysi moddada va qay tartibda belgilangan?

22-modda. Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash

Isteʼmolchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor boʻlsa, haq toʻlashi lozim. Maʼnaviy zarar uchun toʻlanadigan haq miqdorini sud belgilaydi.

Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash mulkiy ziyon va isteʼmolchi koʻrgan zararning oʻrni qoplanishidan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.

5. Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazifasini qaysi davlat tashkiloti amalga oshiradi?

25-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy organlari.

Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy organlari isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida:

isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradilar;

isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoʻllanilishi masalalari yuzasidan rasmiy tushuntirishlar beradilar;

isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish alomatlari aniqlangan taqdirda, ishlab chiqaruvchidan (ijrochidan, sotuvchidan) zarur hujjatlar, tushuntirishlarni va boshqa axborotni soʻrab oladilar;

isteʼmolchilarning huquqlarini buzayotgan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) koʻrsatma yuboradilar;

isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) huquqlarini himoya qilib, sudga murojaat etishga haqlidirlar;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.

zbekiston Respublikasining Oila kodeksi asosida savollarga javoblar.

1. Nikoh tuzish tartibi qaysi moddada va qanday belgilangan?

13-modda. Nikoh tuzish tartibi

Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi.

Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas.

Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʻtgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.

Uzrli sabablar boʻlganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy oʻtgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.

Alohida hollar (homiladorlik, bola tugʻilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.

Nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

2. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar nimalardan iborat?

16-modda. Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar

Nikoh tuzishga:

loaqal bittasi roʻyxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar oʻrtasida;

nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan qarindoshlar oʻrtasida, tugʻishgan va oʻgay aka-ukalar bilan opa-singillar oʻrtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar oʻrtasida;

loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar oʻrtasida yoʻl qoʻyilmaydi.

3. Nikoh yoshi deganda nimani tushinasiz?

15-modda. Nikoh yoshi

Nikoh yoshi erkaklar uchun oʻn sakkiz yosh, ayollar uchun oʻn yetti yosh etib belgilanadi.

Uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Mazkur Kodeksning 51-moddasiga muvofiq nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan tuzilgan nikoh hali nikoh yoshiga yetmay nikohga kirgan shaxsning manfaatlari talab qilgan hollarda haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Bundan tashqari, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan aybdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 473-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1251-moddalariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar

4. Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi qanday?

Nikohlanuvchi shaxslar davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida bepul asosda tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Tibbiy koʻrikdan oʻtish hajmi va tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan «Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida»gi nizom.

Nikohlanuvchi shaxslar ellik yoshdan oshgan boʻlsa, shuningdek ushbu Kodeks 13-moddasining beshinchi qismida koʻrsatilgan alohida hollar mavjud boʻlganda tibbiy koʻrikdan oʻz roziligi bilan oʻtkaziladi.

5. Nikoh shartnomasi tushunchasi, uni tuzish hamda oʻzgartirish va bekor qilish tartibi?

Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi

29-modda. Nikoh shartnomasi

Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda boʻlgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.

30-modda. Nikoh shartnomasi tuzish

Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.

Nikoh davlat roʻyxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

31-modda. Nikoh shartnomasining mazmuni

Er va xotin nikoh shartnomasiga koʻra birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan (ushbu Kodeksning 23-moddasi) tartibini oʻzgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqlidir.

Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, boʻlgʻusi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.

Er va xotin nikoh shartnomasida oʻzaro moddiy taʼminot berish, oila xarajatlarini koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.

Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.

Nikoh shartnomasi er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-xotin oʻrtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan boʻlgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz taʼminot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va xotindan birini oʻta noqulay holatga solib qoʻyuvchi yoxud oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.

32-modda. Nikoh shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uning oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi.

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.