Avval xabar berilganidek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Bosh prokurori oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev va jurnalistlar ishtirokida intervyu tashkil etildi. Unda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Erkin Yoʻldoshevning alohida qayd etishicha, Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan targʻibotlar xalqimizning fikrida korrupsiyaga murosasizlik kayfiyatini singdirish, bunday jinoyatlarga jazo muqarrar degan dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Katta yoki kichik lavozimdagi mansabdorlarning jinoyatlari ochiqlanayotgani, ulardan xalq xabardor qilinayotganining asosiy sababi ham shu.
«Biz, davlat idoralari, xalqimiz, shu jumladan, siz (OAV) bilan birgalikda, oʻzbek jamiyatini ichidan sogʻlomlashtira olsakkina, tashqaridan boʻlgan xavf, yaʼni korrupsiyani jilovlash vazifasi natija beradi, — deya taʼkidladi Yoʻldoshev. — Korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat shu yoʻnalishdagi Dasturning oʻzi, balki Oʻzbekiston Respublikasining Rivojlanish Strategiyasida koʻzda tutilgan har bir Dastur, har bir tadbir oʻzining samarasini berayapti, ularning oʻzaro bogʻliqligi namoyon boʻlayapti».
▪️Bosh prokuror oʻrinbosarining qayd etishicha, jinoyat qonunchiligiga korrupsion jinoyatlar uchun favqulodda jazo sifatida oʻlim jazosini belgilash bilan korrupsiya holatlariga toʻliq barham berib boʻlmaydi.
▪️«Qonunchiligimizda ilgari oʻlim jazosi qoʻllash bor edi, qonunlarni qoʻllashning uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, bunday qatiqqoʻlligimiz shaxsni kayta tarbiyalashda samara bermagan, ayrim holatlarda inson huquqlarini tuzatib boʻlmaydigan darajadagi poymol etilishiga ham olib kelgani uchun bu amaliyotdan voz kechilgan, qonunchiligimiz bu yoʻldan orqaga qaytmaydi», — dedi Yoʻldoshev.
▪️«Qamoqxonani mahkumlarga toʻldirib tashlayverish bilan ish bitmaydi, — dedi Bosh prokuror oʻrinbosari. — Bizning vazifamiz jinoyatning sodir etib qoʻyishini oldini olish, agar shunday boʻlgan boʻlsa, jinoyat oqibatlarini minimallashtirib, xato qilgan shaxsni jamiyatdan butunlay uzilib ketishiga yoʻl qoʻymasdan qayta tarbiyalab, elga qoʻshishdan iborat. Toki bu shaxs xatosini tushunsin, afsus qilsin, qilgan jinoyatining oqibatini bartaraf etishda oʻzi ishtirok etib, jamiyatga yetkazgan zararini minimallashtirsin».
Qayd etilishicha, korrupsiyaning oldini olish uchun qonunga oʻzgarishlar ham kiritilayapti. Masalan, Jinoyat kodeksining pora berganlik va pora olish-berishda vositachilik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik keskin kuchaytirilgan, mazkur jinoyatlar uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar toifasidan oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar toifasiga oʻtkazilgan, ularning sanksiyalarida 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi koʻzda tutilgan.
▪️BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi fakultativ protokoliga qoʻshilish masalasi ayni paytda respublikaning tegishli vazirlik va idoralari tomonidan oʻrganilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining yoʻnalishlaridan biri — xavfsizlik, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Matbuot xizmati