Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi: UMUMIY OVQATLANISH OBYEKTLARI FAOLIYATIGA KARANTIN CHEKLOVLARI TATBIQ ETILMAYDIGAN HOLATLAR BELGILANDI

0
85
marta koʻrilgan.

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonlarini jadallashtirish masalasi muhokama qilindi.

 Joriy yil 2 avgust kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni bilan karantinli va xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi sharoitida aholini profilaktik emlash tartibi belgilandi.

Dunyo miqyosida ham koronavirus infeksiyasi keng tarqalishini jilovlash maqsadida xorijiy mamlakatlarda mazkur infeksiyaga qarshi emlash boʻyicha chora-tadbirlar jadallashib bormoqda. Xususan, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Latviya, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston kabi davlatlarda ishchi va xodimlari toʻliq emlangan tadbirkorlik subyektlari karantin cheklovlari sharoitida faoliyat koʻrsatishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

 Pandemiya bilan bogʻliq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida koʻp sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiya yigʻilishida umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasi muhokama qilindi.

 Shu munosabat bilan aholini ommaviy emlash koronavirusning yangi toʻlqinlarining oldini olishning muhim omili ekanligini hisobga olib, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini pandemiya sharoitida har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va emlash jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida maxsus komissiyasining qarori bilan:

 2021 yil 10 avgustdan eʼtiboran:

 Umumiy ovqatlanish obyektlari – restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

 Bunda umumiy ovqatlanish obyektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno).

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab:

 Tadbirkorlik va xizmat koʻrsatish subyektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikati boʻlmagan taqdirda, ularning faoliyat koʻrsatishi vaqtinchalik toʻxtatiladi.

 Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.