2020 yilning 1 yanvar kuni, soat 18:00 holatiga koʻra, mamlakatimizda 1111 nafar chaqaloq tugʻildi.
Yangi yilning birinchi kuni tugʻilgan chaqaloqlarning 572 nafari oʻgʻil bola, 539 nafari esa qiz bola boʻlib, eng koʻp bola Samarqand viloyatida (141 nafar) dunyoga keldi. Shuningdek, yangi tugʻilgan chaqaloqlar reytingi boʻyicha Fargʻona viloyati ( 137 nafar) va Qashqadaryo viloyati (134 nafar) kuchli uchlikni yakunlagan. Tugʻilganlarning 4 nafari esa egizaklarni tashkil qiladi. Ayni paytda shifokorlarimiz ularning barchasiga belgilangan standartlar boʻyicha sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishmoqda.
Yurtimizda shu kunlari bayram munosabati bilan davom etayotgan dam olish kunlarda vazirlik tizimida mavjud birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatuvchi 2351 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi barcha shifoxonalar, shoshilinch hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning xududlardagi filiallari, shuningdek, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari klinikalari bilan bir qatorda respublikamizdagi mavjud 218 ta tugʻruq komplekslarida bayram kunlari ham tibbiyot xodimlari navbatchilik asosida aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Ularda 230 ga yaqin muntazam ishlayotgan navbatchi akusherlar brigadasi xizmat koʻrsatyapti.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2019 yilning 1 yanvar kuni soat 19:00 gacha 1442 nafar chaqaloq dunyoga kelgandi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi aholisi soni 2019 yil 1 oktyabr holatida 33 million 724.500 kishini tashkil etadi.
Furqat Sanayev,
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi