Saytimizning jonkuyar volontyori, zahmatkash, mehnatkash doimo izlanishni xush koʻradigan olima, tibbiyot fanlari nomzodi Shoira Bekchanova bilan dolzarb mavzu – homiladorlik davrida koronavirusdan himoyalanish choralari xususida suhbatlashdik.
– Pandemiya boshlangandan beri tinmay ishladingiz. Kasallanib qolishni ham oʻylamadingiz.
– Men kasbimni juda sevaman. Ayniqsa UZD boʻyicha mutaxassislikni. Chunki, har qanday kasallikni davolash toʻgʻri tashhis qoʻyishdan boshlanadi. Vrach anestizolog edim. Zamonaviy tashhiz apparatlari tibbiyotga kirib kelayotgan dastlabki davrdayoq bu mutaxassislikka Respublika tibbiyot malaka oshirish institutida oʻqib, yanada malakamni oshirdim. Hozir Xorazm viloyat tugʻruqxonasida ishlayman. Tugʻruqxona faoliyati, amaliyoti kutib turishni bilmaydi. Tugʻruqning Olloh bergan vaqti saoti bor. Biz uni rejalashtira olmaymiz. Shuning uchun pandemiya sharoitida ham tinimsiz ishladik. Qolaversa, baʼzi bemorlarga tumanlarda tashhis qoʻyishga qiynalishsa yanada aniqlashtirish maqsadida bizga olib kelishadi. Tugʻruqxonada ish hamisha qaynab turadi, har qanday sharoitda toʻxtamaydi.
– Toʻgʻri taʼkidladingiz, homiladorlik davri kutib turishni bilmaydi. Homilador ayolda koronovirus kasalligi boʻlmasa, tugʻruq paytida eri yoki yaqin qarindoshlari hamrohlik qilishlari mumkinmi?
– Epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda tugʻruq vaqtida karantin tartib qoidalariga qatʼiy amal qilib hamrohlikni cheklanish shart. Yana tuqqan ayollar boʻlimlariga ham tashriflarni toʻxtatish lozim. Shuningdek, homilador ayollarga oila aʼzolari va yaqinlari bilan aloqada boʻlish uchun zamonaviy texnologiya turli xil videoaloqa vositalaridan foydalanish tavsiyasi etiladi. Ushbu choralar kasallik tarqalishining oldini oladi.
– Kasal ayollardan tugʻilgan chaqaloqlarda koronovirus infeksiyasiga tekshiruv oʻtkaziladimi?
– Ha. Yangi tugʻilgan chaqaloqni koronovirus infeksiyasiga tekshiruvi tugʻilganidan soʻng 12-24 soat oʻtgach amalga oshiriladi. Tashhis natijalarini tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-halqum yoki ogʻiz-halqumdan surtma olinadi.
– Koronovirus infeksiyasi yuqtirgan bemorlar bepushtlikka chalinishlari mumkinmi?
–⚡️Koronavirus dardiga chalingan bemorlarda bepushtlik rivojlanishi isbotlanmagan.
– Ijtimoiy tarmoqlarda tugʻruqxonaga kelayotgan ayollardan test topshirib kelish talab qilinayotgan holatlar haqida maʼlumotlar uchramoqda, test natijasi boʻlmasa, qabul qilinmaydimi?
– Bu notoʻgʻri fikr. Suhbatimizning avvalida ham aytdim. Tugʻruqxona faoliyati har qanday sharoitda ham toʻxtatilmaydi. Chunki har bir homilador ayolga yordam koʻrsatish zarur, ularning Olloh nasib etgan tabiiy vaqtni oʻtkazib yubormaslik kerak. Shuning uchun SSV ning buyrugʻi bilan har bir tugʻruqxona homilador ayollarni test natijalarisiz qabul qilishlari shart.
– Koronovirus uzoq masofaga havo orqali tarqalishi mumkinmi?
– Yoʻq, koronavirus uzoq masofalarga havo orqali tarqalmaydi. Bu virus asosan yoʻtalgan yoki aksirgan paytda kasal odamning ogʻzidan yoki burnidan sachragan tomchilar orqali yuqadi.
– Homilador ayol koronavirusni yuqtirib olmasligi uchun nimalar qilishi kerak?
– Avvalo, karantin tartib qoidalariga toʻliq amal qilishi shart. Shuningdek, ushbu dardiga qarshi kurashda immunitetni oshirish juda muhim. Immuniteti mustahkam boʻlgan insonlarda bu kasallikka chalinish xavfi juda past boʻladi, chalingan taqdirda ham oson oʻtkazadilar. Immunitetni mustahamlash uchun toʻgʻri ovqatlanish, badantarbiya va nafas mashqlarini muntazam bajarish kerak. Taomnoma albatta, oqsillarga boy neʼmatlardan iborat boʻlishi, taomlar xilma-xil va tarkibida minerallar, vitaminlar, ayniqsa S vitamini serobligiga eʼtibor berish maqsadga muvofiq.
– Dolzarb mavzudagi maslahatlaringiz uchun rahmat. El xizmati yoʻlidagi sermashaqqat faoliyatingizda omadlar, oʻzingizga mustahkam salomatlik tilaymiz.
Suhbatdosh: R. SAPAYEVA
Ushbu maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi granti asosida uyushtirildi.