PLASTIK JARROHLIK: Turlari, afzalliklari, eng koʻp oʻtkazilayotgan muolajalar

0
2610
marta koʻrilgan.

 Hayot bir tekis emas. Baʼzan turli tashqi omillar sabab inson tan jarohati olishi yoki tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilishi mumkin. Bu esa tashqi koʻrinishda noqislik va organlar funksional yetishmovchiligiga sabab boʻlishi mumkin. Bunday paytda plastik jarrohlik amaliyoti orqali inson oʻz salomatligini tiklash imkoniga ega boʻladi. Bu esa ushbu soha tibbiyotning muhim yoʻnalishi ekanidan dalolat beradi.

Xoʻsh, mazkur amaliyotning muhimligi nimada?  Uning qanday turlari bor? CCV Matbuot xizmati savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim mudiri Bobur Toirovdan javob oldi.

– Plastik jarrohlik amaliyoti oʻzi nima? Dastlab shu haqida maʼlumot bersangiz.

– Maʼlumki, koʻpchilik insonlar tashqi koʻrinishidagi nuqsonlar tufayli ruhiy zoʻriqish (stress)ga tushib, odamlardan, jamiyatdan oʻzini chetga torta boshlaydi. Plastik jarrohlik amaliyoti esa ana shunday shaxslarni jamiyatga qaytarib, ularni avvalgidek hayot kechirishiga yaqindan koʻmaklashadi.

Shu bois, bu sohani yanada rivojlantirish, uning tarmoqlarini kengaytirish zarur. Yaʼni, bu soha faqatgina goʻzal boʻlish istagidagi ayollarning orzulari ushalishiga yordam beribgina qolmay, balki kimningdir tashqi koʻrinishi yoki tanasiga yetgan turli jarohatlardan keyingi asoratlarni davolash, kuyishdan keyingi keloid chandiqlar va funksional yetishmovchiliklarni bartaraf etish hamda tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilgan bolalarni davolashda oʻrni beqiyos.

Plastik jarrohlikda toʻqimalarning joyi oʻzgartirilishi, bemor tanasining boshqa qismidan olingan toʻqimalar koʻchirib oʻtkazilishi, bemor toʻqimalari va organizmiga yot, biroq unga bezarar boʻlgan (metall, plastmassa, sintetik tola)lar implantatsiya qilinishi mumkin.

– Plastik jarrohlik amaliyoti nechta yoʻnalishda bajariladi?

– Bugungi kunda plastik jarrohlik 2 ta yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladi. Ular plastik rekonstruktiv jarrohlik va plastik estetik jarrohlikka boʻlinadi.

Rekonstruktiv plastik jarrohlik amaliyoti tugʻma va orttirilgan nuqsonlar — bosh suyagi anomaliyasi, yuqori va pastki jagʻlarning tugʻma va orttirilgan deformatsiyalari, kuyish, avtohalokat, ogʻir kasallik sababli orttirilgan nuqson va deformatsiyalar oqibatlarini bartaraf etish, toʻgʻrilash, tana aʼzolariga maʼlum vazifalarini qaytarish maqsadida amalga oshiriladi.

Estetik plastik jarrohlik amaliyoti esa asosan yuz va tananing yillar oʻtishi mobaynida rivojlangan estetik yetishmovchiliklarini bartaraf qilishga yordam beradi.

– Bugungi kunda qanday plastik jarrohlik amaliyotlari koʻp oʻtkazilmoqda?

– Peshona va boʻyin terisini torttirish, burun, iyak va quloqlarni korreksiya qilish, qorin va bel sohasida liposaksiya, blefaroplastika, qoshlar plastikasi, qoʻllarni yoshartirish kabi plastik jarrohlik amaliyotlari nisbatan koʻp oʻtkaziladi.

– Estetik plastik jarrohlik amaliyotining saomatlikka zarari bormi?

– Bugungi kunda ayollar oʻrtasida estetik jarrohlik amaliyotiga qiziqish yuqori. Biroq har qanday tibbiy muolajadan oldin boʻlganidek, plastik jarrohlikda ham shifokor har bir bemor bilan individual tarzda suhbat oʻtkazishi lozim.

Suhbatda unga operatsiya jarayonining kechishi, ogʻriqsizlantirish uslullari, qilingan amaliyot qanchalik natija berishi va kuzatilishi mumkin boʻlgan asoratlar haqida tushuntiriladi.

Ayrim murakkab operatsiyalar bir necha bosqichda oʻtkazilishi bois bemor va uning yaqin qarindoshlari bunga ruhiy tayyor boʻlishi zarur. Agar har bir muolaja yetuk mutaxassislar tomonidan bajarilsa, operatsiyadan soʻng deyarli hech qanday salbiy oʻzgarish kuzatilmaydi.

– Plastik jarrohlik amaliyotidan avval bemor qanday tibbiy tekshiruvlardan oʻtadi hamda operatsiyadan soʻng nimalarga eʼtibor berish lozim?

– Har bir plastik operatsiyadan oldin bemorlar toʻliq klinik va laborator tekshiruvlardan oʻtadi. Agar tekshiruv jarayonida qoʻshimcha patologiyalar aniqlansa, operatsiya tor doiradagi mutaxassislar, yaʼni terapevt, pediatr, anesteziolog, endokrinolog, psixolog koʻrigidan soʻng amalga oshiriladi.

Bemor birinchi navbatda jarrohlik amaliyotidan keyingi asoratlardan ehtiyot boʻlish lozim. Masalan, ayrimlar tanasida operatsiyadan soʻng yiringlash kuzatilishi mumkin.

Qolaversa, infeksiyaning organizmga tushishi oqibatida sogʻlom toʻqimalar yalligʻlanadi. Baʼzi hollarda esa yiring oʻrni chandigʻ boʻlib qolishi mumkin. Shu bois, bemor shifokor koʻrsatmalariga toʻliq rioya qilishi, har bir muolajani u bilan bamaslahat amalga oshirishi zarur.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.