Oʻzbek xalqining udumlariga koʻra, qishki eng uzoq tun va eng qisqa kun 21 dekabrdan 22 dekabrga oʻtar kechasidir.
U yana ikki kun shu holatda boʻladi. Ana shu sanadan keyin qishki chilla boshlanadi. U qishning eng sovuq vaqti boʻlib, 5 fevralgacha yaʼni 40 kun davom etadi. Ana shu kunlar eng sovuq davrlar deyiladi, chilla davri boʻladi.
Shuningdek, yozgi chilla ham bor. U 21 iyundan 22 iyunga oʻtar kechasi eng qisqa tun va eng uzun kun hisoblanadi. Shundan keyin yoz chillasi boshlanadi. U 5 avgustgacha davom qiladi. Halqimizning ushbu yoz chillasida qumga va shifobaxsh balchiqqa choʻmiladigan azaliy urf- odati ham bor..
Chilla ogʻir davr degan maʼnoni ham anglatadi. Ayol kishi tuqqanidan keyin 40 kun urf-odatlarimizga koʻra chilla davriga kiradi. Udum boʻyicha chilla 40 kundan iborat boʻlib, uning 20 kuni kichik chilla, 20 kuni esa katta chilla deyiladi. Ushbu chilla payti chaqaloq ham ona ham avaylanadi.
Chilla atamasi fors-tojik tilidagi «chil» soʻzidan olingan boʻlib, «qirq» degan maʼnoni bildiradi. Chilla inson hayotidagi xatarli, eng ogʻir va eng masʼuliyatli davrni anglatuvchi soʻz hisoblanadi.
Azizlar, aslida har bir kunimiz, har bir nafasimizning oʻzi moʻjiza! Moʻjizalar ichra oʻz yoʻlingizni topib, har bir damning qadriga yetib, munosib yashashingizda tilakdoshmiz.
gujum.uz