Qoraqalpogʻistonda chop qilinadigan «Yel xiʼzmetinde» gazetasi tahririyati Qoraoʻzak tumani hokimligini sudga berdi.
Tahririyat tomonidan kiritilgan daʼvo boʻyicha 2021 yil 16 dekabr kuni Qoraoʻzak tumani jinoyat ishlari boʻyicha sud zalida oʻtkazilgan sud jarayoni yakuni bilan Sobir Kamalov OFY hududidagi 2016 yil may oyida uzilib qoʻyilgan 875 ta xonadon tabiiy gaz tarmogʻiga qayta ulanadigan boʻldi, bu haqda sud maxsus ajrim chiqardi, deya xabar (https://t.me/el_xizmetinde/5633) berilmoqda «Yel xiʼzmetinde» gazetasi telegram kanalida.
Xabarda aytilishicha, sud chiqargan maxsus ajrimga koʻra Qoraoʻzak tumani Sobir Kamalov OFY hududidagi 875 ta xonadonni gaz tarmogʻiga qayta ulash choralari koʻrib chiqilishi belgilangan. Maxsus ajrim ijrosi yuzasidan Qoraoʻzak tumani hokimligi 1 oy muddat ichida Nukus tumanlararo maʼmuriy sudiga xabar berilishi topshirilgan.
«Yel xiʼzmetinde» gazetasining hokimliklarni sudga berishi ilk holat emas. Bundan oldin ham aynan tabiiy gaz tarmogʻidan aholini asossiz uzib qoʻyilganligi daʼvosi bilan Chimboy tumani hokimligini ham sudga bergan va sudda gʻolib boʻlib, minglab fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilgan, yaʼni, xonadonlarni tabiiy gazga qayta ulashga erishgan. Taxiatosh, Qanlikoʻl tumanlari hokimliklari esa sudsiz tahririyat talabi bilan aholini tabiiy gazga ulash choralarini koʻrgan.
Ushbu tahririyat hattoki taniqli estrada xonandasi Yulduz Usmanovani ham sudga bergan. Unda xonandaning qoraqalpoq millatiga qarata aytgan kamsituvchi soʻzlari sabab boʻlgan.
Manbaa: jurnalist. uz